Markaziy va Janubiy Amerikadan har yili minglab odam yo’lga chiqib, AQSh chegarasini noqonuniy kesib o’tishga harakat qiladi. Ular uchun bu qashshoqlik va zo’ravonlikdan qutulish uchun imkoniyatdir. Boshqalar esa ularning hisobiga mo’may pul ishlashga intiladi.
“Bu yerga kelish uchun uyimni sotishga majbur bo’ldim. Mendan 20 ming dollar talab qilishdi”.
39 yashar gvatemalalik Ronald Galitsiya o’z hikoyasini Arizona shtatining Tuson shahridagi migrantlar boshpanasidan turib so’zlab berdi.
"Bizni yo’ldan olgan odamlarga ishonmadim. Ular meni avtomobilning yukxonasiga soldi, nafas olib bo’lmasdi. Ammo shukurki, bir o’limdan qoldim. Yukxonadan uncha-muncha odam tirik chiqmasligini aytishgan edi”, - deydi u.
AQSh Chegara patruliga ko’ra, bunday noqonuniy harakat milliard dollarlik inson savdosi biznesining bir qismidir.
“Chegaradan o’tishning ko’p xavf-xatari bor. So’nggi yillarda inson savdogarlari odamlarning pulini olib, bor-butidan shilib yo’lda tashlab ketishmoqda. Yosh qizlarni esa zo’rlashadi. Ba’zan bundanda vahshiyroq holatlar uchraydi”, - deydi boshqarma so’zlovchisi Mario Eskalante.
"Avval ma’lum miqdorda pul so’rashadi. Pulni aytgan kuni va soatida olishmasa, qo’lingizni kesishadi, so’ng tilingizni, keyin esa qulog’ingizni. Amallari shunday”, - deydi Ronald Galitsiya.
Kongressmen Genri Kuellerning saylov uchastkasi Texasning San-Antonio shahridan Meksika bilan chegaradagi Makallen shahrigacha bo’lgan hududni o’z ichiga oladi.
"Bu jinoiy to’dalar chegara orqali qoradori va odamlarni o’tkazib pul qiladi”, - deydi qonunchi.
AQSh Bojxona va chegara xizmati ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yil oktabridan beri o’tmishda jinoyat sodir etgan yoki qidiruvda bo’lgan 5000 dan ziyod odam chegaradan noqonuniy o’tayotganda ushlangan.
Bunday odamlar bor-butini sotib, Amerika orzusi tomon yo’lga chiqqan insonlardan foydalanishga harakat qiladi.
"Razvedka xizmatlari bilan hamkorlikka va boshqa mamlakatlardan tushayotgan ma’lumotga tayanib, migrantlarni jinoiy va iqtisodiy maqsadlarda ishga solayotgan jinoyatchilarni qo’lga tushirishga harakat qilyapmiz", - deydi janubiy chegara uchun muvofiqlashtiruvchi Roberta Jeykobson.
Prezident Jo Baydenning aytishicha, uning ma’muriyati Kongressga keng qamrovli immigratsion strategiyani taqdim etgan. Hujjat qabul qilinib, qonunga aylanguncha Qo’shma Shtatlar odamlarni chegaradan noqonuniy o’tmaslikka da’vat etish bilan cheklanib qoladi.
Facebook Forum