AQSh tomon kelayotgan minglab markaziy amerikalik migrantlarning bir nechtasi Kaliforniya shtatiga qo’shni Meksikaning Tixuana shahriga yetib bordi. Amerikaning Meksika bilan chegaradosh Texas shtati ham migrantlar oqimiga tayyorlanmoqda.
AQSh chegarasini ayni damda minglab qo’shinlar nazorat qilmoqda. Ular o’zlariga palatkali kazarmalar qurmoqda, tikanli sim to’siqlar o’rnatyapti.
Oddiy askar Jordan Vilson muhandis bo’lib, Braunsvil chegarasidagi xalqaro ko’prikdan to’siq tortmoqda.
“Bizni tez safarbar etishdi. Ishim muhim. Uni a’lo darajada bajaraman degan umiddaman”, - deydi askar.
Harbiylarning aksariyati Texasda joylashgan. Yana bir qismi Kaliforniya va Arizona shtatlaridagi chegaraga ham ko’z-quloq bo’lib turibdi.
Migrantlarning asosiy qismi ayni damda Meksika bo’ylab kelyapti.
Katta serjant Javon Somersol harbiy politsiyada xizmat qiladi. U to’siq o’rnatayotgan harbiylarni himoya qilmoqda, noqonuniy immigrantlar bilan ishi yo’q.
“Huquq-tartibot organlari ishiga aralashmaymiz. Ular bilan aloqani mustahkamlab, vazifasini bajarishda yordam berishimiz mumkin lekin”, - deydi u.
Missiya dekabrda uzaytirilmasa, askarlar hududni tark etadi.
“Bu yerdagi odamlar bizni yaxshi kutib olishdi. Ko’chada ko’rishsa ham olqishlab o’tishadi”, - deydi serjant Somersol.
Sentabr oyida 3100 kilometrlik AQSh-Meksika chegarasida kuniga 1500 dan ko’p odam ushlangan. Tramp ma’muriyatining chegarani mustahkamlashga qaratilgan siyosati mahsuli haqida gapirishga hali erta, ammo bu siyosatni amalga oshirish qimmatga tushayotgani hozirdan ko’rinib turibdi. 5000 dan ortiq askarni chegarada ushlab turish davlat g’aznasiga 200 million dollarga tushmoqda.
Facebook Forum