Breaking News

AQSh Davlat kotibi Birmada, tarixiy safar


Birma, 30-noyabr 2011
Birma, 30-noyabr 2011

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton Birmaga safarini boshladi. Bu AQSh bosh diplomatining oxirgi yarim asrda harbiy diktatura hukmronligi ostida 40 yil yashagan mamlakatga birinchi tashrifi.

Generallar 1962-yilda demokratik yo’l bilan saylangan hukumatni ag’darganidan beri Amerika bosh diplomati bu yurtga qadam bosmagan. Tanqidga uchragan eng so’nggi saylovda joriy yilda davlat tizgini oddiy fuqaroga topshirilganday bo’ldi.

Ko’p o’tmay esa matbuot ustidan nazorat sustlashib, 200 dan ziyod siyosiy mahbus qo’yib yuborildi, namoyishlarga ruxsat berilib, oppozitsiya yetakchisi Au San Su Chi bilan muzokara boshlandi.

Holbuki, Birmada aynan inson huquqlari ayovsizlarcha poymol etilgani bois AQSh va g’arb davlatlari harbiy boshliqlarni sanksiya bilan jazolagan edi.

Prezident Obama oy boshida Birma haqida alohida to’xtalib, yanvarda hokimiyatga kelgan kuchlarning dastlabki ijobiy qadamlaridan mamnuniyat bildirgan.

Uning aytishicha, Birma hukumati demokratiya tomon qat’iy qadam tashlashda davom etsa, Vashington eshiklarini ochishi aniq, aksi bo’lsa, sanksiyalar kuchayadi.

Janubiy Koreyada to’xtab o’tgan Klinton Birma hukumatining siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish istagi haqiqiy-haqiqiy emasligini aniqlab olmoqchi ekanini ta’kidladi.

“O’zgarishlar xalq foydasiga ega ekanini bilish umididamiz”, - dedi Klinton. “Qo’shma Shtatlar bu siyosiy, huquqiy islohotlarni qo’llab-quvvatlash niyatida”, - deydi u.

Amerika rasmiysi Birma rahbariyatini Shimoliy Koreya bilan har qanday harbiy va yadroviy aloqalarni uzishga undamoqda.

Ertaga Klinton prezident Teyn Sheyn bilan ko’rishib, keyin Rangun shahrida Au San Su Chi bilan gaplashadi. Oppozitsiya yetakchisi, Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori 15 yillik qamoq jazosidan bir yil oldin ozod qilingan edi. U Birmaga qo’yilgan sanksiyalarni olib tashlanishiga qarshi.

Navbatdagi parlament saylovlarida qatnashish niyatim bor, deydi Au San Su Chi. Uning Demokratiya milliy ligasi partiyasi 1990-yilgi saylovlarda ishonchli g'alaba qozongan edi, lekin harbiylar natijani tan olishdan bosh tortgan.

Tahlilchilar Birmada yuzlab siyosiy mahbus panjara ortida qolayotganini eslatadi. Harbiylar bosimi, qotillik va jinsiy zo’rlashlar davom etmoqda, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG