Qo'shma Shtatlarga yo'l olayotgan yuk samolyotlarida topilgan ikki shubhali paketlarda portlovchi moddalar bo'lgan, deydi prezident Barak Obama bugun Oq Uyda qilgan favqulodda bayonotida.
"Buni mamlakatimizga nisbatan jiddiy tahdid deb qabul qilamiz", - deydi Obama. "Paketlar Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklarida aniqlangan va Chikagodagi ikki sinagoga manzil sifatida ko'rsatilgan".
Butun Amerika bo'ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Yuk samolyotlari va mashinalari birma-bir, izchil tekshiruvdan o'tmoqda.
AQSh rasmiylari xurujni al-Qoidaning Arab yarimorolidagi a'zolari amalga oshirmoqchi bo'lgan deya xulosa qilmoqda.
Obamaning aytishicha, paketlar Yamandan samolyotga chiqqan. Al-Qoida bu mamlakatda chuqur ildizga ega.
Hozirda Yamandan chiqayotgan barcha yuk to'xtatilgan.
"Al-Qoida Arab yarimorolidan turib, bizga va fuqarolarimizga hamda bizning ittifoqchi-hamkorlarimizga qarshi hujumlar rejalayotgani haqida aniq ma'lumotlarga egamiz",- deydi Obama.
Rasmiylarning bildirishicha, terroristlar Chikagodagi yahudiy ibodatxonalarini nishonga olish niyatida Yamandan kamida 13 paket yuborgan bo'lishi mumkin. Ulardan ayrimlari topilgan, ammo xavfsiz deya baholanmoqda.
Yaman hukumati bu hodisalar yuzasidan katta tergov boshlagan. Prezident Obama "terrorizmga qarshi kurashda bu davlatga yordam beramiz", deydi.