Breaking News

Bolalar savdosiga qarshi kurash Kongressda muhokamada


Har yili AQShda bir necha yuz ming bola fohishalik yo’liga kiradi, odam savdogarlari qo’liga tushadi. Uyushgan jinoiy tizimlar yoshlarni tuzoqqa ilintirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda, deydi tergovchilar. Yaqinda Kongressda aynan shu muammo muhokama qilindi.

Stefani Vu AQSh Kongressida gapirarkan, 12 yoshligida o’zidan kattaroq bola uni uyidan qochib, striptiz raqqosasi va fohisha bo’lishga undaganini aytdi.

“Hayotim tubdan o’zgardi. Birinchi kechaning o’zida uch erkak bilan uchrashdim. Ko’nglim aynib, qayt qildim,” - hikoya qildi oz kechinmalari haqida Stefani.

Bolalarni jinsiy ekspluatatsiya maqsadida o’g’irlash serdaromad biznes. Tahdid kam, sof foyda esa katta, deydi Arizona shtatining odam kontrabandasiga qarshi kurashuvchi guruhi rahbari Sindi Makkeyn.

“Davlat hisobiga ko’ra, sutenyorlar yiliga har bir boladan 150-200 ming dollar pul qiladi. Har biri o’rta hisobda 4-6 qizni ishlatadi”.

Ko’plar fohisha ko’chada yuradi, deb hisoblaydi. Aslida biznesning kattagina qismi internet orqali amalga oshiriladi.

“Asosan “Facebook” va “Twitter” kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishadi. Yangilarni shu tariqa yollashadi. Bu holda samara ham oshadi, foyda ham, xavf esa kamayadi,” - tushuntiradi Virjiniya shtatidan tergovchi Vilyam Vulf.

Internet sababli odam kontrabandasi kengaydi, deydi u.

“Ayrim veb saytlar, masalan, Backpage.com, jinsiy aloqalar savdosini ochiqchasiga, ba’zi hollarda esa hatto qonunni buzmay turib, reklama qiladi. Demak, odam kontrabandasi bilan sug’ullanadiganlar jamoatchilikka jinsiy xizmatlarni reklama qilmoqda, aniqrog’i bolalarimizni sotmoqda”.

Backpage.com esa bolalar savdosi bilan shug’ullanadiganlarni topishda huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilayotganini aytadi.

“Bu veb sayt yopilgani bilan muammo hal bo’lmaydi. Xizmatlar reklamasi boshqa saylarga ko’chadi, xolos”, - deydi veb sayt advokati Elizabet Makdugall.

Tergov doirasida ba’zida politsiya xodimlari mijozman, deb kontrabandachilar bilan aloqa o’rnatadi va oqibatda jinoyatchilar qo’lga tushadi.

Tadqiqotchi Kollin Ouens: “Keng ko’lamli, turli taraflarni jalb etgan holda kurashish kerak. Jinoyatlarning ayrim turlari aynan shunday mukammal yondashuv talab qiladi”.

Huquq-tartibot organlari yakka o’zi muammoni hal etolmaydi, deydi doctor Luis Li. U Kaliforniyada fohishalikdan qutqarib olingan bolalarga yordam berayotgan tashkilot rahbari.

“Kurashni kuchaytirish kerak. Maxsus dasturlar zarur. Bolalar uchun uylar, maktablar bapro etilsin”.

Avvalo oilasida og’ir sharoitda yashayotgan bolalarga yordam berish kerak, deydi Li. Chunki ular katta bo’lgan sari kontrabandachilar qo’liga tushib qolishi ehtimoli ham oshaveradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG