Breaking News

2019-yil AQSh-Xitoy aloqalari uchun qanday bo'ldi?


2019-yil AQSh-Xitoy munosabatlarida murakkab davr bo’ldi. Savdo urushi, Gonkong siyosati va uyg’urlar masalasi bo’yicha qarama-qarshi munosabatlar ikki tomonlama aloqalar uchun jiddiy sinovga aylandi.

Xalqaro hayot - 20-dekabr, 2019-yil - 2019-yil AQSh-Xitoy aloqalari uchun qanday bo'ldi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:46 0:00

Savdo bitimining yangi tariflarni o’zaro joriy etmaslikni o’z ichiga olgan birinchi qismi bo’yicha kelishuvga erishilganiga qaramay, ayrim kuzatuvchilar Pekin va Vashington o’rtasidagi muammolarni hal qilish tobora qiyinlashayotganiga ishora qilmoqda.

Bitimning birinchi qismiga ko’ra, AQSh va Xitoy bir-birining mahsulotlarini yangi tariflar bilan siylashdan o’zini tiyadi.

"Oxirgi bir yil ichida bo’lgan voqealardan AQShning Xitoy xulqidan xavotiri katta ekanini, AQSh bu xulqni o’zgartira olishi shubha ostida ekanini bilib oldik”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Bonni Gleyzer.

Ana shunday xavotirlardan biri Xitoyning Shinjonda uyg’urlar va boshqa musulmon xalqlarga muomalasi bilan bog’liq.

Qo’shma Shtatlar Pekinni keng ko’lamli huquq buzilishlarida ayblagan. Xitoyning matbuotga oshkor etilgan ichki hujjatlari qatag’onlar ko’lamini ko’rsatmoqda.

“Xitoy Kommunistik partiyasi inson huquqlarini buzayotganini, odamlarni ommaviy ravishda qamayotganini isbotlovchi ko’plab dalillar shu hisobotlarda o’z aksini topgan”, - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Gonkongda esa noyabr oxirida namoyishchilar AQSh konsulligi binosi qarshisida Amerika madhiyasini kuylab, orol shahardagi jarayonlarni qo’llab-quvvatlovchi ikki qonunni imzolagan Donald Trampga minnatdorchilik bildirdi. Xitoy munosib javob berishini bildirdi.

“AQShning bunday asossiz xatti-harakatlariga javoban Xitoy hukumati AQSh harbiy kemalari va samolyotlarining Gonkongga kirishiga ruxsat so’rovchi arizalarini ko’rib chiqishni to’xtatishga qaror qildi”, - dedi Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xua Chunyin.

Tahlilchi Bonni Gleyzerning aytishicha, savdo bobidagi tortishuvlar, Shinjon va Gonkong masalalari muammolar chuqurroq ekanidan dalolat.

“Xitoyning boshqa yo’nalishlardagi siyosati ham xavotirga sabab bo’lyapti. Biz faqat harbiy, iqtisodiy va diplomatik muammolarga e’tibor qaratayotganimiz yo’q. Xitoyning siyosiy aralashuvi kabi kengroq masalalarga ham qarayapmiz”, - deydi u.

Boshqalar nazarida, Vashington va Pekin o’rtasidagi tarang aloqalar bir-biridan farq qiluvchi qadriyatlar tizimlari mahsulidir.

“AQSh va Xitoy qadriyatlari o’rtasida fundamental farqlar bor. Inson huquqlari nimadan iborat ekani, xalq va hukumat o’rtasida aloqa qanday bo’lishi, diniy ozchilikdagi, etnik ozchilikdagi guruhlarga munosabat qanday bo’lishi haqida tushunchalar keskin farq qiladi”, - deydi Vashingtondagi RAND korporatsiyasidan Ali Vayn.

AQSh va Xitoy o’rtasida diplomatik va xavfsizlik mavzularida so’nggi yillarda Vashington yoki Pekinda muntazam ravishda o’tkazib kelingan oliy darajadagi muloqot bu yili bo’lmadi.

AQSh rasmiylari bunday uchrashuvdan foyda yo’qligini, natija chiqmasligini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG