Breaking News

AQSh: Xitoyning "Kamar va yo'l" loyihasiga ishonmang


Xitoy: AQSh tanqidlaridan charchadik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00

Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusi AQSh tanqidiga uchrab kelmoqda. Pekin bundan norozi. Xitoy hukumati loyihani 150 dan ortiq mamlakatda sarmoya va infrastruktura qurilishini o’z ichiga olgan taraqqiyot strategiyasi deya targ’ib qilmoqda. Tanqidchilar nazarida esa “Kamar va yo’l” tashabbusi aslida Xitoy ta’sirini kengaytirishga qaratilgan.

“Kamar va yo’l” tashabbusi hozirgi kunda Xitoyning eng katta xalqaro loyihasidir. Boy davlatlarga qo’shimcha daromad, kambag’allariga rivojlanish va’da qilinmoqda. Qiziqish katta.

“Bu kelasi 100 yilda dunyo sarmoyasi uchun eng muhim loyiha. Uzoqni o’ylab ish qilinyapti, bunday tashabbuslar kerak”, - deydi Shveysariya rasmiysi Uli Maurer.

“Agar Xitoy va Fransiya o’z tajribalarini ishga solib hamkorlik qilsa, ko’plab mamlakatlarda, masalan, Afrikada yangi loyihalarni ilgari surishimiz mumkin”, - deydi Fransiya sobiq bosh vaziri Jan-Pyer Raffaren.

Hatto BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ham Xitoy tashabbusiga qiziqish bildirmoqda.

“Kamar va yo’l” tashabbusining beshta ustuni - qarorlar koordinatsiyasi, infrastrukturaviy bog’lanish, to’siqsiz savdo, moliyaviy integratsiya va odamlar orasida almashinuv - BMTning taraqqiyot maqsadlariga javob beradi. Bular odamlar hayotini yaxshilaydi”, - deydi BMT rahbari.

Lekin loyihaga shubha bilan qaraydiganlar ham bor. Xitoyning taraqqiyot bilan ishi yo’q, shunchalik global nufuzini oshirmoqchi, deydi tanqidchilar. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoyni ishonchsiz biznes hamkor deb ataydi.

“Xitoy siyosiy nufuz evaziga korrupsion infratuzilma loyihalarini taklif etmoqda. Uning poraxo’r, qarzga botiradigan diplomatiyasi samarali boshqaruvga, ko’plab davlatlar tayanadigan erkin iqtisodiy modelga putur yetkazadi”, - deydi Pompeo.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bu gaplardan xunob.

“Charchab ketdik eshitaverib”, - deydi vazirlik so’zlovchisi Geng Shuang. U aprel oyida Pekinda “Kamar va yo’l” forumi muvaffaqiyatli o’tganini aytadi.

“Unda 150 mamlakat va 92 xalqaro tashkilotdan 6000 delegat qatnashdi. AQShdan ham 50 dan ortiq vakil keldi”, - deydi rasmiy.

Ayni paytda AQSh va Xitoy o’rtasida savdo urushi avjida. Muzokaradan qoniqmayotgan Tramp ma’muriyati yaqinda Xitoy mahsulotlariga 25 foizlik tarif joriy etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG