AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyga safari chog’ida bu mamlakatning Kubadagi razvedka faoliyati mavzusini ko’targanini aytib, Pekin bu faoliyatini kengaytirishga harakat qilsa, Qo’shma Shtatlar bundan xavotirga tushishini bildirdi.
“Wall Street Journal” gazetasiga ko’ra, Xitoy Kubada harbiy tayyorgarlik markazini tashkil etish xususida Gavana bilan gaplashmoqda.
“Biz buni yaqindan kuzatib boramiz, o’z yurtimizni, manfaatlarimizni himoya qilamiz”, - dedi Blinken.
Unga ko’ra, Xitoy 2019-yildan beri orolda razvedka to’plash bilan shug’ullanmoqda.
"Xitoy Xalq Respublikasining Kuba bilan uzoqdan davom etayotgan faoliyatidan, Kubada faoliyatini kengaytirishga harakat qilayotganidan xavotirdamiz va bunga to’siq qo’yishga urinishda davom etamiz”, - deydi AQSh Davlat departamentining so’zlovchisi Vedant Patel.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Xitoy va Kuba o’rtasidagi muzokaralardan bexabar ekanini aytarkan, Pekin barcha taraflar ishonch rishtalarini kuchaytirishiga, mintaqada tinchlik va barqarorlikni rivojlantirishga urg’u berishiga umid bildirishini ta’kidladi.
Chikago Xalqaro aloqalar kengashining eskperti Pol Xierga ko’ra, Xitoyning Amerika hududiga o’ta yaqin bo’lgan Kubadagi bunday harakatlari Pekinning jahon sahnasida AQSh bilan tobora tenglashayotganini ko’rsatmoqda.
“Agar razvedka ma’lumotlarini to’plash va bu borada hamkorlik qilishdan tashqari harbiy tayyorgarlik bilan ham faol shug’ullanishga harakat qilishayotgan bo’lsa, buni olg’a qadam deb atasa bo’ladi. Bu AQShning Tayvanda harbiy tayyorgarlik dasturini kuchaytirayotganiga Xitoyning javobi bo’lishi ham mumkin”, - deydi tahlilchi.
Facebook Forum