Janubiy Xitoy dengizida va Tayvan atrofida taranglik kuchayar ekan, AQSh Xitoy diplomatlari va harbiylari bilan muloqot orqali ziddiyatlarni yumshatishga intilmoqda.
Tayvan Xitoy hujumiga tayyor turish uchun muntazam ravishda harbiy mashqlar o’tkazmoqda.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o’tgan hafta britaniyalik hamkasbi Deyvid Lammi bilan ko’rishib, mintaqadagi vaziyatni muhokama qilgan.
“Tayvan bo’g’ozi bo’ylab tinchlik va barqarorlikni hamda Janubiy Xitoy dengizida harakatlanish va parvozlar erkinligini ta’minlash uchun qo’shma harakatlarimizni muhokama qildik. Tinchlik va barqarorlikni saqlash nafaqat biz, balki dunyodagi barcha mamlakatlar uchun muhim”, - dedi Blinken.
AQSh Kongressi noyabrda bo’ladigan prezident saylovigacha Xitoyga qarshi 20 dan ortiq qonun loyihasini tayyorlashga umid qilmoqda.
Hujjatlardan biri yaqinda Vakillar palatasida qabul qilinib, Xitoy Tayvanni bosib olgan yoki qamalga olgan vaziyatda Xitoy rahbariyatiga iqtisodiy sanksiyalar qo’yishni ko’zlaydi.
“Muammo Xitoy xalqida emas, hukumatida. “Tayvanda mojaroning oldini olish” haqidagi qonun loyihasida ham shunday deyiladi. Xitoy Xalq Respublikasi oliy rahbariyatining noqonuniy yo’l bilan orttirgan boyliklarini fosh etish orqali Xitoy xalqining ularga nisbatan g’azabini qo’zg’atmoqchimiz”, - deydi qonunchi Yang Kim.
Xitoy unga qarshi qaratilgan qonun loyihalarini qoralarkan, tashabbuslar qonunga aylangan taqdirda qattiq javob choralarini qo’llashi haqida ogohlantirmoqda.
Mavjud taranglikka qaramay, tahlilchilar ikki mamlakat o’rtasida harbiy kanallar ochiq ekanini va bu xato xulosalarning oldini olishga yordam berishini aytadi.
“Bunday muloqotlar Xitoyning harakatlariga oid tahlillardan taxminlarni bartaraf etishga, kelajakda nimani kutish kerakligini bilishga yordam beradi. Bu esa o’z navbatida taraflarning niyati va harakatlarini noto’g’ri talqin va hisob qilish ehtimolini kamaytiradi”, - deydi Brukings institutidan siyosatshunos Rayan Xass.