Italiya Xitoyning trillion dollarlik “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusida qatnashish niyatini bildirdi. Yevropa Ittifoqi Xitoyga nisbatan ehtiyotkorona strategiya qo’llash ustida o’ylanar ekan, Amerika rasmiylari ittifoqchi davlatlarni Xitoyning sarmoya siyosatiga shubha bilan qarashga chaqirmoqda.
Xitoy Prezidenti Si Zinpin Italiyaga tashrifi chog’ida o’zi bosh bo’lgan tashabbusni targ’ib qildi.
“Har ikki tomon taraqqiyot strategiyasini kuchaytirishi, infratuzilma qurilishida istiqbolni aniqlashi, bandargoh logistikasi, dengiz orqali yuk tashish, yuqori sifatli va amaliy hamkorlik loyihalarini yaratishi kerak”, - dedi Si.
Amerika rasmiylari va qonunchilari ittifoqchi davlatlarni Xitoyning qarzga botiruvchi diplomatiyasi bilan ish qilganda ehtiyot bo’lishga chaqirdi.
“Xitoy bunga trillionlab dollar sarmoya qilmoqda. Maqsadi uch karra foyda olish. Sarmoya kiritayotgan mamlakatlarga o’z ishchilarini olib borishmoqda, mahalliy ishchilarni yollashmayapti. Mahalliy tabiiy resurslarni o’zlashtirib, bu mamlakatlarni urushsiz qo’lga olmoqda”, - deydi respublikachi kongressmen Maykl Makkol.
Biroq ba’zi tahlilchilar nazarida, Qo’shma Shtatlar Xitoy va hamkorlarini to’g’ri yo’lga solishga harakat qilishi kerak.
“Xitoyning har bir loyihasi yuqori standartlarga javob bersin. Biz mamlakatlarga “Xitoydan pul olmang, sarmoya olmang” deganimiz bilan bizga quloq solishmaydi”, - deydi Brukings institutidan Deyvid Dollar.
Yevropa Ittifoqi Xitoyning qit’ada bemalol, cheklovsiz biznes qilib, xorijiy kompaniyalar faoliyatini o’z bozorlarida keskin cheklash amaliyotini sinchkovlik bilan o’rganishga kirishgan.
Facebook Forum