Breaking News

Baydenning Xitoy siyosati: Ham muzokara, ham kurashmi?


Xitoy va AQSh o’rtasida harbiy mavzudagi muloqot bilan bir qatorda Qo’shma Shtatlar shu oy mudofaa uchun byudjetni oshirgani Prezident Jo Baydenning Xitoy siyosati qanday bo’lishini ko’rsatmoqda, deydi tahlilchilar. Ya’ni Vashington muloqot bilan bir paytda kurashga tayyor turishni afzal ko’rmoqda.

15-dekabr kuni AQSh Senati Milliy mudofaa sarfiyatlari qonuni loyihasiga ovoz berdi. Mudofaa uchun byudjet 770 milliard dollardan iborat bo’lib, Bayden so’ragan puldan 25 milliard dollarga ko’p. 7,1 milliard dollari Xitoyni jilovlashga qaratilgan tashabbuslar uchun ajratilgan.

Shu paytning o’zida AQSh Qurolli kuchlarining Hind va Tinch okeani qo’mondonligi, harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari vakillari Xitoy Xalq ozodlik armiyasining harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari vakillari bilan 14-dekabrdan 17-dekabrgacha virtual muloqot qilib, Osiyoning munozarali suvlarida xavfsizlik masalalarini muhokama qilishdi.

“AQSh Janubiy Xitoy dengizida navigatsiya erkinligiga doir amaliyotlarini bajarish kabi vazifalarini ado etish bilan bir paytda Xitoy bilan aloqa liniyalarini ochiq ushlab turishga harakat qilmoqda”, - deydi filippinlik tahlilchi Aaron Rabena.

2019-yilda Vashington harbiy kemalarining Janubiy Xitoy dengizi orqali o’tishini oshirib, bir yilda 10 martaga yetkazdi. 2020-yilda ham shunday bo’ldi. AQSh rasmiylari buni “navigatsiya erkinligi amaliyotlari” deb atadi.

Siyosiy tahlilchilar Xitoy va AQSh munosabatlarini qudratli davlatlar raqobati deya ta’riflamoqda. Vashington Pekinning Sharqiy Xitoy va Janubiy Xitoy dengizlarida harbiy infratuzilmalarini kengaytirish harakatlariga to’siq qo’yishga intilmoqda. AQSh bu dengizlar atrofidagi mamlakatlarni geosiyosiy ittifoqchilari deb biladi.

Tahlilchilarga ko’ra, Bayden raqobatdan voz kechmagan holda Xitoyning zo’ravon harakatlarini bostirib turishga umid qilmoqda.

Muloqot qil, mudofaani kuchaytirishni unutma

Milliy mudofaa sarfiyatlari qonuni loyihasining Senat qabul qilgan ko’rinishiga qonunchilarning Tayvan mudofaasiga yordam berish to’g’risidagi bayonoti biriktirilib, Mudofaa vazirligiga Xitoyning uyg’urlar yashovchi Shinjon viloyatida majburiy mehnat hisobiga ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib olish taqiqi qo’yildi. Hujjat imzo uchun Prezident Baydenga oshirildi.

“1998-yilda AQSh va Xitoy o’rtasida boshlangan harbiy muloqot havoda va dengizda to’qnashuv xavfini kamaytirish va operativ xavfsizlikni yaxshilashni maqsad qiladi”, deyiladi AQShning Hind va Tinch okeani qo’mondonligi bayonotida.

Bu galgi muloqot chog’ida ikki mamlakat harbiylari professional yondashuvni targ’ib qilish va xavfsizlikni ta’minlashga doir amaliyotlarni muhokama qilgani aytiladi.

Xitoy tabiiy resurslarga boy, maydoni 3,5 million kvadrat kilometr bo’lgan Janubiy Xitoy dengizini o’ziniki deb biladi. Pekin dengiz atrofida joylashgan va harbiy jihatdan ancha zaif Bruney, Tayvan, Vyetnam, Filippin va Malayziyaning dengizga da’volari bilan hisoblashgisi yo’q. AQSh harbiy kemalarining Tayvan bo’g’ozi orqali o’tishi Xitoyga bu orol davlatga hujum qilmaslik haqida o’ziga yarasha ogohlantirish bo’lib xizmat qiladi. Xitoy Tayvanni o’z hududi deb biladi.

Vashingtondagi Xalqaro va strategik aloqalar markazida dastur rahbari bo’lib ishlovchi Gregori Polingning aytishicha, Xitoyga kelganda Qo’shma Shtatlar favqulodda telefon liniyalari va kemalar o’rtasidagi aloqa kabi turli amaliyotlar orqali inqirozlarning oldini olishni maqsad qilgan.

“Diplomatik sahnada va hatto iqtisodiy sohada ziddiyatlarning bo’lishi odatiy hol, biroq hech kim ziddiyatlarning ochiq mojaroga aylanishini istamaydi”, - deydi siyosatshunos.

Ikki tomonlama Xitoy siyosati

Sobiq prezident Donald Trampning Oq uydagi faoliyati so’nggida Xitoy bilan to’xtab qolgan yuqori darajadagi muloqotdan so’ng o’tgan oy AQSh va Xitoy rahbarlari ilk bor virtual muloqot qildi. Baydenga ko’ra, muloqot Xitoy siyosatining bir qismidir.

Tahlilchilarning aytishicha, Bayden va Si Zinpin o’rtasidagi ilk dialog 2017-yildan beri savdo, konsullik aloqalari va geosiyosiy kelishmovchiliklar sabab oqsab kelgan AQSh-Xitoy aloqalarida muhim mavzular bo’yicha muhokamalarni jonlantirishi mumkin.

Oq uy bayonotida aytilishicha, AQSh prezidenti Si bilan muloqot chog’ida strategik tahdidlarni jilovlash muhimligiga urg’u bergan holda Qo’shma Shtatlar o’z manfaatlari va qadriyatlari uchun kurashni davom ettirishini ham bildirdi.

Tahlilchi Rabenaning aytishicha, Bayden Xitoy bilan raqobatni nazoratda ushlab turishga intilmoqda. Unga ko’ra, AQSh va Xitoy harbiylari o’rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatini baholash ayrim omillarga bog’liq. Agar, deydi tahlilchi, AQSh navigatsiya erkinligiga doir mashqlarini va Tayvan bilan harbiy munosabatlarni to’xtatsa, tomonlar kelishuvga erishganini bilsa bo’ladi.

Yana bir siyosatshunos, Singapurdagi Nanyan texnologiya universitetida dengizdagi xavfsizlik masalalari bo’yicha ilmiy tadqiqotchi Kollin Koxning aytishicha, agar AQSh va Xitoy muzokaralari davom etsa va ikki taraf o’rtasida ishonchni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar amalga oshirilsa, Bayden-Si suhbatidan foyda bo’lganini bilsa bo’ladi.

Qo’shma Shtatlar Xitoyni harbiy ma’noda birinchi raqamli raqib deb biladi va 2022-yil byudjetini mudofaa salohiyatlarini rivojlantirish va kuchaytirishga sarflamoqchi.

“Ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazayotgan dolzarb muammolar hamon mavjudligini hisobga oladigan bo’lsak, Xitoy ham, AQSh ham bu darajadagi muloqotni davom ettirishga ehtiyoj sezgan ko’rinadi”, - deydi Kox.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG