Janubiy Xitoy dengizi atrofida olti mamlakat joylashganiga qaramay, ular orasida faqat Xitoy hududni deyarli to’liq nazorat qiladi. Dunyo savdosining salkam uchdan ikki qismi shu dengiz orqali o’tadi, bu yerda ko’plab tabiiy boyliklarga ega.
Qo’shma Shtatlar Xitoyning mintaqadagi ta’sirini tushirishga intilarkan, Janubiy Xitoy dengizidagi hududlarga da’vo qilayotgan boshqa mamlakatlarni Xitoyga qarshi qo’llab-quvvatlaydi.
Pekin Vashingtonni dengizga harby kemalar safarbar etib, yirik harbiy mashg’ulotlar o’tkazib, taranglikni ataylab keltirib chiqarayotganlikda ayblaydi.
37 yil harbiy xizmatda bo’lgan AQShning iste’fodagi admirali Jeyms Stavridis nazarida, ikki mamlakat mafkurasi va mintaqadagi siyosati to’qnashuvga yetaklashi mumkin.
“Har ikki taraf xato hisob-kitob qilishi mumkin. AQSh Xitoyga bosim qo’yishda davom etaversak bo’ladi va Xitoy harbiy kuch bilan javob bermaydi deb o’ylashi mumkin. Xitoy esa o’z navbatida 1-2 marta o’q uzsak, Amerika chekinadi degan xayolga borishi mumkin”, - deydi NATO qo’shma kuchlari va AQSh Qurolli kuchlarining Janubiy qo’mondonligini boshqargan admiral.
Ayrim hisoblarga ko’ra, 2034-yilga borib Xitoy kiber-xavfsizlikning ayrim muhim yo’nalishlarida AQShdan o’zib, ilg’or hujumkor kibernetik vositalar yaratishi mumkin. Stavridis fikricha, Xitoyda borgan-sari millatchilik kuchaymoqda. Geostrategik beqarorlik Osiyoning boshqa nuqtalariga ham tarqalyapti.
Ammo shu bilan birga, deydi Stavridis, ikki qudratli mamlakat hamkorlik qiladigan sohalar ham talaygina.
“Global isish va iqlim o’zgarishi bobida tog’ni talqon qiladigan ikki mamlakat bu AQSh va Xitoydir. Keyingi pandemiyaga tayyorgarlik ko’rishda ham Amerika va Xitoy hamkorligi barchamizga yordam bergan bo’lardi”, - deydi sobiq harbiy.
Ikki davlat kelajakda hamkorlik qiladimi, to’qnashuvgacha boradimi yoki muzokara orqali kelishib ish ko’radimi, hozir noma’lum. Biroq shunisi aniqki, AQSh va Xitoyning kelajakdagi munosabatlari dunyoga katta ta’sir ko’rsatadi.
Facebook Forum