Breaking News

Oq uy Xitoyga tariflar Amerikaning o'ziga ham zarar ekanini tan olmoqda


Xitoy bilan savdo muzokaralari
Xitoy bilan savdo muzokaralari

Oq uy iqtisodiy maslahatchisi Larri Kadlouning tan olishicha, AQSh hukumatining Xitoy mahsulotlariga tariflarni joriy etish qarori import bilan shug’ullanayotgan Amerika kompaniyalariga qimmatga tushadi. Bungacha Prezident Tramp tariflardan faqat Xitoy zarar ko’radi, deb kelayotgan edi.

10-may kuni Vashingtonda savdo muzokaralarini olib borgan AQSh va Xitoy rasmiylari bir to’xtamga kela olmadi. Bungacha Tramp Xitoyning 200 milliard dollardan oshiq qiymatga teng tovarlariga boj soliqlarini 10 foizdan 25 foizga ko’tardi.

“Tariflar bizning mamlakatga foyda keltiradi. Bungacha hamma, jumladan Xitoy ham, Amerika hisobiga pul ishlab kelayotgan edi”, - dedi Tramp.

Qo’shma Shtatlar o’tgan yili ham Xitoyni tariflar bilan siylagan edi. Pekin javob tariqasida o’xshash choralar ko’rgan. Natijada Amerikadagi ayrim kompaniyalar bundan zarar ko’rdi.

“O’tgan qish mavsumida daromadimiz undan oldingi yilga qaraganda 60 foizga tushdi. Xitoyga eksportimiz butunlay zarar ko’rdi”, - deydi qisqichbaqa biznesi bilan shug’ullanuvchi bir kompaniya vakili.

AQShning respublkachi senatori Rend Pol tariflar mamlakat iqtisodiy o’sishiga ziyon qiladi degan fikrda.

“Prezident Xitoy bilan muzokara o’yiniga berilib ketgan va chekinishga haqqi yo’q deb o’ylayapti. Pekin bilan tezroq kelishmasak bo’lmaydi, chunki Xitoy bozori kattaroq ochilsa, bundan Amerikaga katta foyda bo’ladi. Tariflar yoki savdo urushi cho’zilgani sari iqtisodiy tanazzulga yuz tutishimiz mumkin”, - dedi qonunchi.

Trampning katta iqtisodiy maslahatchisi Larri Kadlouning aytishicha, Xitoy Amerikaning eng so’nggi tariflariga javob berishi mumkin.

“Bugun yoki erta buni bilamiz. Shunday bo’lishi aniq”, - dedi u.

Shunday bo'ldi ham. Xitoy Amerikaning 60 milliard dollarga teng tovarlariga uch xil soliq soldi - 2493 xil mahsulotga 25 foiz, 1078 xil mahsulotga 20 foiz, 974 xil tovarga esa 10 foiz tarif joriy etildi.

Ayrim iqtisodiy tahlilchilar nazarida, AQSh bu tariflar o’yinidan Xitoyga qaraganda kattaroq zarar ko’rishi mumkin.

“Xitoy dunyoning boshqa davlatlari bilan erkin savdo qilyapti, Trampning agressiv harakatlari esa Amerikani hatto ittifoqchilardan ajratib qo’ydi. Xitoy iqtisodiy zararga Tramp ma’muriyatidan ko’ra chidamliroqdir”, - deydi Illinoysdagi Shimoli-g’arbiy universitet professori Fil Levi.

Oq uy iqtisodiy maslahatchisiga ko’ra, AQSh tariflari Amerika importchilariga qimmatga tushsa ham bungacha kelishilgan savdo shartlaridan voz kechayotgan Pekinga bosim qo’yish muhim. AQSh rasmiylari Xitoydan ushbu shartlarni mahalliy qonunlarga kiritishni talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG