Breaking News

Pentagon Silikon vodiysini AQSh manfaatlari uchun ishlashga chaqirmoqda


Silikon vodiysi Amerikada asosiy novatorlik markazi hisoblanadi. AQSh va Xitoy o’rtasidagi savdo tortishuvlari yuqori texnologiyalarni ham qamrab olgani bois vodiydagi kompaniyalar vaziyatni obdon kuzatmoqda, yangi sharoitga moslashishga to’g’ri kelishini tushunmoqda.

Xalqaro hayot - 27-may, 2019-yil - Pentagon Silikon vodiysini AQSh manfaatlari uchun ishlashga chaqirmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00

“Amerika Ovozi” Mudofaa vazirligining Kaliforniyadagi idorasi rahbari bilan gaplashib, yuqori texnologiyalarning AQSh milliy xavfsizligiga ahamiyatini o’rgandi.

AQSh va Xitoy o’rtasida 5G uyali aloqa tarmoqlari, sun’iy tafakkur va avtomobilni avtonom boshqarish texnologiyalari bo’yicha avjga chiqayotgan so’nggi ziddiyatlar yangi texnologik sovuq urush nomini oldi.

Pentagonning Silikon vodiysidagi idorasi Mudofaa innovatsiyasi bo’limi deb nomlanadi va vodiydagi milliy xavfsizlik uchun ahamiyatli loyihalarni kuzatib boradi. Masalan, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirib, mahsulot samaradorligini oshirishga urg’u berayotgan tijoriy raketa va sun’iy yo’ldosh kompaniyalari olib borayotgan loyihalarni.

Ixtirochilar og’ir ob-havo sharoitida aloqani yaxshilashning yangi usullari ustida izlanmoqda. Xitoy sarmoyadorlari va kompaniyalari ham vodiyda ayni maqsadlarni ko’zlamoqda.

Yangi texnologiyalar bobida ishlayotgan ba’zi mutaxassislar Pentagon yoki Xitoy buyurtmasini olishga shoshilmayapti. Google shu yili har ikkisi aralashgan bir necha ana shunday loyihalarni rad etdi.

Mudofaa innovatsiyasi bo’limi hamkorlikka tayyor shirkatlar borligini ham aytadi.

“Sun’iy intellekt yoki kibernetika sohasida ishlovchi yirik kompaniyalarga ehtiyojimiz katta. Ular biz bilan ishlashga balki qiziqmas, ammo katta ko’lamda ishlashga harakat qilayotgan, 100 million dollar yillik daromad ko’rishni rejalayotgan maydaroq shirkatlarga bizga o’xshash yirik va jiddiy mijozlar kerak. Ular bizning takliflarimizni jon-jon deb qabul qilmoqda”, - deydi bo’lim rahbari Maykl Braun.

Silikon vodiysi AQShning Xitoy kompaniyalariga joriy etgan so’nggi sanksiyalari hamda ular bilan hamkorlikka qo’yilgan cheklovlar ta’sirini hamon o’rganmoqda. Hukumat Xitoy kompaniyalariga muhim komponentlarni sotishni man qilishi mumkin.

“Sarmoyadorlar ehtiyotkor bo’lib qolgan, pul tikishga shoshmayapti. Amerikadagi loyihalar uchun Xitoydan pul olish murakkablashdi. Silikon vodiysida biznes sekinlashdi”, - deydi “Xitoyning texnologiya titanlari” kitobi muallifi Rebekka Fannin.

Amerika texnologik kompaniyalari Xitoy shirkatlariga Amerika bozorlarida berilgan imkoniyatlar ularga ham Xitoy bozorlarida berilishini ko’pdan so’rab keladi, biroq bunga erishilgani yo’q. Ba’zilar Xitoy iqtisodiyotidan uzoqlashish to’g’ri yondashuv ekani haqidagi gaplarga shubha bilan qaraydi.

“Xitoyliklar 30-40 yil oldingiga qaraganda ancha erkin bugun. Bu dunyo bilan faol hamkorlik natijasidir”, - deydi sarmoya bo’yicha strateg Endi Rotman.

Xitoy bilan aloqalar qanday bo’lishidan qat’i nazar, deydi Mudofaa innovatsiyasi bo’limi vakili, Silikon vodiysidagi kompaniyalar AQSh harbiy salohiyati uchun texnologiyalar yaratib ham pul qilishi va shu bilan birga, vataniga yordam berishi mumkin.

“Xitoy bilan texnologik taraqqiyot bobidagi poygani hisobga olganda maqsadimiz hech bir payt hozirgiday muhim bo’lmagan”, - deydi Maykl Braun.

Unga ko’ra, Silikon vodiysi yordamida AQSh bu poygada g’alaba qozonishga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG