Breaking News

AQSh-Xitoy savdo muzokaralari yana natijasiz yakunlandi


Qo’shma Shtatlar va Xitoy Shanxayda yana bir bor savdo xususida muzokara qildi. Tomonlar muloqotni ochiq va konstruktiv deb atadi, ammo har ikki tomon bir-birining taktikasidan norozi. AQSh va Xitoy tariflar urushiga chek qo’yib, savdo bitimiga kelishishga harakat qilyapti.

Xalqaro hayot - 2-avgust, 2019-yil - AQSh va Xitoy yana kelisha olmadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:44 0:00

Xitoyning eng yirik shahri va xalqaro moliyaviy markazida o’tgan muloqot yana natijasiz tugadi, kelishuv bo’lmadi, biroq tomonlar muzokaralarda olg’a siljish bo’lganini ta’kidlab, sentabrda yana ko’rishishga kelishishdi.

Qo’shma Shtatlar Xitoyni o’zi uchun manfaatliroq bitimga erishish maqsadida muzokaralarni ataylab cho’zayotganlikda ayblamoqda. Prezident Donald Trampning aytishicha, agar savdo bitimi AQShda 2020-yilda bo’ladigan prezident saylovlarigacha imzolanmasa, savdo shartlari Xitoy uchun yanada og’irlashadi.

“Ular mening mag’lub bo’lishimni xohlashadi”, - dedi Tramp.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, Pekin bosimlarga yon bermaydi.

Hua Chunying, Chinese foreign ministry spokeswoman

“O’zingiz kasal bo’la turib, boshqalarga dori ichishni tavsiya qilishdan foyda yo’q. Qo’shma Shtatlar savdo masalasida samimiyroq bo’lishi kerak deb hisoblaymiz”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xua Chunyin.

Oxirgi marta muzokarachilar ikki oy oldin Vashingtonda yuzma-yuz ko’rishgan edi. AQSh delegatsiyasiga Savdo vakili Robert Laytxayzer va Moliya vaziri Stiven Mnuchin rahbarlik qilmoqda. AQSh Xitoydan Amerikada yetishtirilgan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ko’proq sotib olishni, Xitoy esa Amerikadan o’z importlariga qo’yilgan tariflarni kamaytirishni so’ragan.

Germaniyalik iqtisodchi Xolger Shmidingning aytishicha, bitim tez imzolanishini kutmaslik kerak.

“Xitoy iqtisodiyoti mahsulotlarining AQShda sotilishiga, texnologiya bobida yetakchi davlat bo’lgan AQSh va Silikon vodiysi bilan aloqada bo’lishga kattaroq ehtiyoj sezadi. Teskarisi emas. Biroq Xitoy siyosiy tizimi AQShnikiga qaraganda ancha sabrlidir. Har bir tomon pozitsiyasi yaxshiroq deb o’ylayotgan bo’lishi mumkin, shuning uchun ham kelishuvga erishishi qiyin bo’lyapti”, - deydi Berenberg Bank bosh iqtisodchisi.

Gamburglik mutaxassis tortishuv cho’zilsa, global iqtisodiyotga zarar bo’lishi haqida ogohlantirmoqda.

“Savdo qoidalariga doir bu tortishuv bilan bog’liq mavhumlik nafaqat Xitoy va AQShga, balki butun dunyoga ham ta’sir qiladi. Shu sabab ham Germaniya sanoati so’nggi paytda ancha zaiflashgan”, - deydi u.

AQSh va Xitoy savdo bobida tortishayotganiga bir yildan oshdi. Dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti bir-birining import mahsulotlariga milliardlab dollarlik tariflar qo’ygan. Natijada global ta’minot zanjiri va moliyaviy bozorlar bundan zarar ko’rmoqda.

Prezident Trampning 1-avgust kuni e’lon qilishicha, kelasi oydan boshlab Qo’shma Shtatlar Xitoyning 300 milliard dollarga teng import tovarlariga qo’shimcha 10 foiz tarif joriy etadi. Qimmatbaho qog’ozlar bozori bu xabarni salbiy qarshilab, aksiyalar bahosi keskin tushib ketdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG