Qo’shma Shtatlar Xitoyni Shinjondagi uyg’urlar huquqlarini poymol etishda ayblarkan, Davlat departamenti payshanba kuni qator yuqori lavozimli xitoylik rasmiylarni qora ro’yxatga qo’shdi.
Xususan, Kommunistik partiyaning Shinjondagi kotibi, mamlakatdagi qudratli Siyosiy byuro a’zosi Chen Suango va yana uch rasmiy sanksiyaga tushdi.
Chen Shinjonda uyg’urlarning hibsga olinishiga mas’ul asosiy rasmiy sifatida ko’rilmoqda. BMT ekspertlariga ko’ra, bir milliondan ziyod xitoylik musulmon lagerlarda saqlanmoqda.
So’nggi paytlarda AQSh va Xitoy munosabatlari keskin taranglashgan. Bunga koronavirus pandemiyasi, Xitoyning Gonkongdagi siyosati, uyg’urlarga muomalasi sababdir.
Pekin musulmonlar huquqlari buzilayotgani haqidagi da’volarni inkor etarkan, lagerlarni bilim-yurt markazlari deb ataydi, ekstremizmga qarshi kurash uchun muhim ekanini aytadi.
“Qo’shma Shtatlarni bu xato qaroridan qaytishga, Xitoy ichki ishlariga aralashishni va Xitoy manfaatlariga zid siyosat yuritishni bas qilishga chaqiramiz” deyiladi Tashqi ishlar vazirligining bugungi bayonotida.
Sanksiyalar AQShning 2012-yilda qabul qilingan “Global Magnitskiy qonuni” asosida amalga oshirilmoqda. Qonun AQSh hukumatiga inson huquqlari buzg’unchilarining Amerikadagi mulkini muzlatish, mamlakatga kirishini taqiqlash, AQSh fuqarolariga ular bilan ishlashni man qilish vakolatini beradi.
Jahon uyg’urlari kongressi ushbu qarorni olqishlarkan, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarni ham shunday qilishga da’vat etdi.
Prezident Donald Tramp iyun oyida imzolagan sanksiyalar haqidagi qonun muallifi senator Marko Rubioning aytishicha, bunday choralarni ancha oldin qo’llash kerak edi.
Tramp sanksiyalar Xitoy bilan kechayotgan savdo muzokaralari sabab kechiktirilganini tushuntirdi.
Facebook Forum