Bugun AQSh va Xitoy prezidentlari o’rtasida virtual sammit o’tkaziladi. So’nggi bor ikki rahbar sentabr oyida telefon orqali gaplashgan.
Oq uy yangi muloqotdan katta natija kutmaslikka chaqirmoqda.
“Muloqotdan konkret natija kutayotganimiz yo’q. Davlat rahbarlarining o’zaro aloqasi muhimligiga urg’u bermoqchimiz. Rahbarlar samarali raqobat shartlarini belgilash xususida gaplashadi”, - dedi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.
Pekin harbiy va siyosiy ta’sirini dunyo bo’ylab yoyishga zo’r berar ekan, AQSh Xitoyni strategik raqib deb biladi. Biroq ayrim masalalarda davlatlar hamkorlikdan ham qochayotgani yo’q. Masalan, Glazgoda yakunlangan iqlim anjumanida dunyo bo’ylab atmosferaga eng ko’p karbonat angidrid chiqaruvchi bu ikki mamlakat issiqxona gazlarini kamaytirish bobida kelishib harakat qilishga, iqlim inqirozi masalasida muntazam muloqotda bo’lishga kelishdi.
“Si Zinpin va Jo Bayden mumkin bo’lganda hamkorlik qilish, zarur bo’lganda raqobat qilish va hatto qarshi turish uchun qandaydir barqarorlikka erishmoqchi. Buning hech biri olg’a siljishni to’xtata olmaydi, biroq nazarimda, Olimpiya o’yinlari orqali ohang yanada yaxshilanadi”, - deydi Vashingtondagi Gudzon tahlil institutidan Patrik Kronin.
Tomonlarning Gonkong va uyg’urlar masalasi, savdo, dengizda harakatlanish erkinligi, Pekinning Janubiy Xitoy dengizi va Tayvan bo’g’ozidagi harbiy harakatlari bo’yicha kelishmovchiliklari hal etilmay qolishi kutilmoqda.
“Prezident Bayden Amerika hali ham “Yaxlit Xitoy” siyosatiga sodiq ekanini, Si Zinpin esa AQSh bu siyosatni oyoq osti qilayotganini aytishlarini kutishimiz mumkin. Hech bir rahbar o’z maqsadlaridan voz kechgani yo’q. Ya’ni har biri hozirgi siyosati va harakatlarining to’g’ri ekaniga ikkinchisini ishontirish uchun to’g’ri formula, to’g’ri so’zlar qidirayotgan bo’lishi mumkin, biroq bu ish bermaydi”, - deydi Uilson markazi tahlilchisi Robert Deyli.
Juma kuni Bayden va Si Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik forumining virtual sammitida qatnashdi. Xitoy rahbari mintaqadagi ziddiyatlarning sovuq urushga aylanmasligi muhim deya ogohlantirdi.
'Olg’a qarab yurishimiz lozim. Kamsitish va boshqalarni davradan chetlatish kabi amaliyotlarni rad etishimiz kerak. Mafkuraviy chegaralarni belgilash yoki geosiyosiy sabablarga ko'ra kichik doiralar tuzishga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi”, - dedi u.
Si Zinpin AQShning mintaqadagi davlatlar bilan Pekin ishtirokisiz turli guruhlar tuzayotganiga ishora qildi.
Facebook Forum