Bundan keyin Tramp ma’muriyatida Xitoy siyosati bilan amerikalik uyg’ur mutaxassisi shug’ullanadi. Elnigor Iltebir AQSh Milliy xavfsizlik kengashida Xitoy masalalari bo’yicha bo’limga direktor etib tayinlandi.
Elnigor Iltebir Jorj Vashington va Garvard universitetlarida siyosatshunoslikdan ta’lim olgan; 2015-yilda Merilend universitetida xalqaro xavfsizlik va iqtisodiy siyosat yo’nalishlari bo’yicha doktorlik darajasini yoqlagan.
Oq uyning uyg’ur millatiga mansub ilk xodimi taniqli uyg’ur ziyolisi Abdulhakim Boqi Iltebirning qizi bo’lib, Elnigor Xitoyda tug’ilgan, bolaligida oilasi bilan Turkiyaga ko’chadi, bir necha yildan so’ng esa AQShga.
2015-yilda Abdulhakim Boqi Iltebirning Turkiyada uyg’urlar ozodligi harakati faollaridan biri Robiya Qodir hayotiga bag’ishlangan kitobi nashrdan chiqqan. Kitobning uyg’urcha nashri “O’limdan qaytgan mahbus”, turkchasi esa “Ozodlik istagan ona” sarlavhalari ostida chop etilgan. Muallif avgust oyi boshida olamdan o’tdi.
Ba’zi kuzatuvchilarning aytishicha, uyg’ur millatiga mansub mutaxassisning Oq uyda Xitoy siyosatiga mas’ul lavozimga tayinlanishi Pekin noroziligiga uchraydi, Xitoy bilan savdo bobida kelishishga intilayotgan Tramp ma’muriyatining bu vazifasini qiyinlashtiradi. Shu sabab Elnigor Iltebirning Milliy xavfsizlik kengashiga ishga olinishi matbuotda e’lon qilinmadi, deydi ayrim tahlilchilar. Bu haqda AQSh rasmiylaridan olingan ma’lumotga tayanib avval “Tashqi siyosat” onlayn jurnali (Foreign Policy) xabar berdi. “Business Insider” sayti vashingtonlik uyg’ur faoli Rushan Abbosni manba sifatida ko’rsatadi. Abbos Vashingtondagi “Uyg’urlar kampaniyasi” tashkilotining rahbari bo’lib, bir paytlar maktabda Abdulhakim Boqi Iltebirning o’quvchisi bo’lgan.
Milliy xavfsizlik kengashi yangi xodimi haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi. Kengashga AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton rahbarlik qiladi.
Elnigor Iltebirning Xitoyga nisbatan qarashlari noma’lum.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotining Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo’yicha mutaxassisi Fransisko Benkosmening aytishicha, uyg’ur millatiga mansub AQSh rasmiysining Xitoy rasmiylari bilan muzokara qilish ehtimoli katta ramziy ma’noga ega.
So’nggi yillarda Xitoy hukumati Shinjon uyg’ur viloyatida yashovchi musulmon aholining 800 mingdan ikki milliongacha vakilini aybsiz va sababsiz tutib, maxsus lagerlarda saqlayotgani, qiynoqlarga solib, o’z e’tiqodidan voz kechishga majburlanayotgani aytiladi.
AQSh Davlat departamenti Xitoyning bu siyosatini qoralab chiqqan. Uyg’ur faollari Oq uy va AQSh qonunchilarini Xitoyga qattiqroq bosim qo’yishga chaqirib keladi. Elnigor Iltebirning tayinlanishi ana shu da’vatlarga javob sifatida ko’rilishi mumkin.
O’tgan oy Prezident Donald Tramp Oq uyda diniy zug’umga uchragan bir necha mamlakat vakili bilan uchrashganida ularning orasida 2014-yilda takroran qamalib, shundan beri daraksiz ketgan uyg’ur iqtisodchisi Ilhom To’xtining qizi Javhar To’xti ham bor edi.
Facebook Forum