Breaking News

AQSh-Xitoy savdo urushi jahon iqtisodiyotiga zarar yetkazishi aytilmoqda


AQSh Prezidenti Donald Tramp uning iqtisodiy siyosati tufayli Amerika iqtisodiyoti har qachongidan kuchli ekanini ta’kidlamoqda. Biroq Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasi AQSh va Xitoyni tariflar urushini bas qilishga chaqirmoqda, aks holda o’zaro tortishuvdan jahon iqtisodiyoti zarar ko’rishi aytilmoqda.

Xalqaro hayot - 18-oktabr, 2018-yil - AQSh-Xitoy savdo urushi jahon iqtisodiyotiga zarar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:00 0:00

O’tgan hafta AQSh qimmatbaho qog’ozlar bozoridagi silkinish bu hafta Osiyo va Yevropa bozorlariga ham tarqaldi. Amerika tadbirkorlik instituti eksperti Dezmond Lexmenning aytishicha, sarmoyadorlar tashvishi asosli.

“AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini kutilganidan ko’proqqa ko’tarishga majbur endi, shu kabi gaplar quloqqa chalindi. Bu esa sarmoyadorlarni xavotirga solmoqda. Xitoy bilan savdo aloqalaridagi mavhumlik ham o’ziga yarasha salbiy ta’sir qilmoqda”, - deydi Lexmen.

Jahon banki va Xalqaro valyuta fondining Balida o’tgan qo’shma majlisida AQSh va Xitoy o’rtasidagi tariflar urushi ham muhokama etildi.

Jamg’arma ijrochi direktori Kristin Lagard taranglikni tushirishga chaqirmoqda.

“Hisoblarimizga ko’ra, savdo aloqalaridagi taranglik kelasi ikki yilda dunyo yalpi ichki mahsulotining salkam bir foizga qisqarishiga olib keladi. Shu sabab hozirgi munozaralar hovurini tushirish zarur. Shu bilan birga global savdo tizimini yaxshilash, kuchaytirish, adolatliroq qilish maqsadida, barcha mamlakatlar uchun o’zaro manfaatli bo’lishi, kelajakka mos bo’lishi uchun uni isloh qilish zarur”, - dedi Lagard.

Prezident Tramp moliya bozorlaridagi sarosimada Federal zaxira tizimini aybladi.

“Markaziy bank xato qilyapti, u yerdagilar aqldan ozgan”, - dedi Tramp.

Tramp Amerika iqtisodiyotining o’sishida o’z hissasi borligini aytadi. Tahlilchilar bu fikrga qisman qo’shiladi. Ular nazarida, Tramp siyosati allaqachon rivojlanayotgan iqtisodiyotga qisqa muddatli tepki berdi.

Biroq uzoq muddatda, deydi mutaxassislar, Oq uy ma’muriyatining savdo va byudjet kamomadlarini oshirishga qaratilgan siyosati Markaziy bankni foiz stavkalarini oshirishga majburlab, rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotiga zarar qilishi mumkin.

“AQShda foiz darajasi o’sgan sari, dollar ko’tarilgan sari rivojlanayotgan mamlakatlarga berilayotgan pul endi AQShga qaytib keladi. Shu pulni olgan, deylik, Argentina, Turkiya yoki Janubiy Afrika, undan to’g’ri foydalanmagan va natijada katta kamomadga uchragan bo’lsa, endi AQShdagi yangi moliyaviy vaziyat bilan yuzlashishiga to’g’ri keladi”, - deydi tadbirkorlik instituti xodimi.

Jahon banki prezidenti Jim Yon Kim rivojlanayotgan mamlakatlarni kelajakda savdo bahslariga tayyor turishga chaqirmoqda.

“Savdo ziddiyatlari kuchayishidan oldin bu mamlakatlar tayyorgarligini ko’rishi, ularga maslahat berishimiz kerak. Hozir har biri bilan shu mavzuda gaplashyapmiz”, - deydi bank rahbari.

AQSh va Xitoy prezidentlari kelasi oy oxirida Argentinada bo’ladigan “Katta Yigirmalik”ka a’zo mamlakatlar rahbarlari sammiti doirasida muloqot qilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG