Breaking News

Aliyev: Hukumat, muxolifat o'rtasida murosa imkoniyati mavjud


"O’zbekistonda hukumat va muxolifat siyosiy murosaga kelishishi mumkin", - deydi mamlakatga qaytishi ortidan sudga tortilgan AQSh fuqarosi Zokir Aliyev.

Uning mahkamasi yangi hokimiyat davrida muxolifatdagi partiyalar, ularning maqsadi, faoliyati tahlil qilingan dastlabki sud jarayoni ekani bilan diqqatli. Hukumat uchun muxolif partiyalar hamon noqonuniy, ammo faollarni tazyiqqa solish, muxoliflik uchun qatag’onlash darajasida emas. O’zbekistonga qaytish qarorini xulosalayotgan Zokir Aliyev hukumat va muxolifat o’rtasida siyosiy murosa imkoniyati mavjudligini aytadi.

Zokir Aliyev: Kimdir baribir boshini kundaga qo’yishi kerak edi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:47 0:00

25 yil avval O’zbekistondan chiqib ketgan Aliyev mamlakatga nafaqat qarindoshlar bilan diydorlashish, balki o’zgarishlarni o’z ko’zi bilan ko'rish uchun qaytgan edi. O’zbekistonga kelishi bilan hibs va tergov qilingani, sudga tortilganiga qaramasdan mamlakatga qadam bosganidan pushaymo emas.

Uning ta’kidlashicha, o’zgarishlarga guvoh bo’lish uchun kimdir boshni kundaga qo’yib, tavakkal qilishi kerak edi.

“Nega O’zbekistonga qaytdim? Bu mening juda uzoq o’ylangan fikrim edi, chunki kimdir baribir O’zbekistonga qaytishi, boshlashi kerak. Agar ta’bir joiz bo’lsa, boshini kundaga qo’yishi kerak edi, o’zgarishlarning chin dildan bo’layotganligini bilish uchun. Hozir ham umidlarimiz katta, o’zgarishlar borligi uchun ozodlikka chiqdim. Qaytish, bu men oldindan chuqur o’ylagan narsam, hech qanaqa o’zgarish quruq gap bilan bo’lmaydi, kimdir harakat qilishi, kurashishi kerak. Demokratiya hech bir davlatga osmondan tushgan emas, O’zbekistonda ham shunday. Darrov osmondan tushmaydi yoki yerdan unib chiqmaydi. Demak, kimdir kelib, harakat qilib, ko’rib kurashishi kerak edi. Men shunga qaror bergandim, qarorimdan qaytmadim, mana keldim”, - deydi Zokir Aliyev.

U O’zbekiston islomiy harakatiga a’zolikda, Afg’onistondagi janglarda ishtirok etganlikda ayblanib hibsga olingan edi. Qashqadaryoda o’tgan mahkama uni faqat konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda, ekstremizmda aybdor topib, 67 dollarlik jarima bilan ozod qildi.

Aliyevning 90-yillarda ancha faol bo’lgan muxolifatdagi “Birlik” va “Erk” kabi siyosiy partiyalarga aloqadorligi taftish qilingan, muxolif partiya nashrlarida bosilgan maqolalari tahlil qilingan, sud bu partiyalarning o’sha davrlardagi va bugungi faoliyati bilan qiziqqan.

O’zgarish bor, masalan hukumat, DXX misolida ham, buni tergovda, sudda, ularning munosabatida ko’rdim.

“Asosan 1992-1998 yillar orasida “Birlik”, “Erk” partiyasi, ularda chiqqan maqolalarimni olib kelishdi, ko’rsatishdi. Masalan, “Birlik” jurnalida 2000-yilning yanvarida chiqqan maqolam, unda O’zbekiston, hokimiyat va surgundagi muxolifat masalasi ko’tarilgan edi. Bu haqda so’rashdi, 159-moddaga to’g’ri kelish kelmasligini o’rganishdi, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz alomatlarini topishmadi. Sud bu partiyalar ro’yxatdan o’tmagan, noqonuniy, targ’ib qilish mumkin emas, degan qarashda. Xullas, mahkama asosan muxolifat haqida bo’ldi, Abdurahim Po’lat, Muhammad Solih, Jahongir Muhammad haqida so’rashdi - qanaqa faoliyat olib borishganini bilasizmi, noqonuniy degan ma’noda. Men muxolifatga rasman a’zo bo’lmaganim, ammo qo’llab-quvvatlaganimni aytdim. 90-yillarda talabalar shaharchasida bo’lgan norozilikni eslashdi. Bu norozilik ortida muxolifat yetakchilari turgan, ular shunday g’oyalarni olg’a suradi, buni o’ylab ko’rganmisiz, degan savollar bo’ldi. Sudda 92-98 yillardagi muxolifatga doir tarix muhokama qilindi, hatto mesxeti turklar masalasiga to’xtaldi, nega “Birlik” bu masalani aralashtirdi, esktremistik tashkilot deyishgacha borishdi”, - deydi Zokir Aliyev.

Mahkamada “Birlik” ham, “Erk” ham noqonuniy partiyalar sifatida tilga olinishi, “Birlik” ekstremistik tashkilotga tenglashtirilishidan qat’i nazar jarima bilan sudni tark etgan Zokir Aliyev mamlakatdagi siyosiy vaziyatda o’zgarishlar bo’lmoqda, amaldagi hukumat va noqonuniy sanalayotgan muxolifatning siyosiy murosaga kelishi uchun muhit, imkoniyatlar bor, deb hisoblaydi.

Demokratiya hech bir davlatga osmondan tushgan emas, O’zbekistonda ham shunday. Darrov osmondan tushmaydi yoki yerdan unib chiqmaydi.

“Hibsda ekanman, meni bir necha bor tibbiy tekshirishga olib kelishdi. Shunda ular sizni shunaqa kutib oldik, xafamisiz, deb so’rashdi. Men yo’q, shu yerda tug’ilib o’sdim, kamchilik bo’ladi, buning uchun xafa emasman, dedim. Aytganimdek, men qaytishni ko’p, uzoq o’ylaganman, kimdir borishi, amaliy bir qadam qo’yishi haqida. Shuning uchun o’zgarish bor, masalan hukumat, DXX misolida ham, buni tergovda, sudda, ularning munosabatida ko’rdim. Bunday o’ylab qarasa, muxolif partiyalar chorak asr davomida shuni, demokratik o’zgarishlar kerakligini aytib kelishgan. Bu narsa hozir bo’lyapti, ammo buni aytgan odamlarning o’zi, muxolifat hali tashqarida yuribdi. Ular qaytishi kerak. Yo’l bor, amaliy qadam qo’yish kerak. Hukumat bilan ham siyosiy bir murosa yo’lini tanlab, mamlakat manfaati uchun ishlasa bo’ladi”, - degan xulosada Zokir Aliyev.

Ta’kidlash joiz, Aliyev ustidan o’tgan mahkama hokimiyat almashishi ortidan siyosiy muxolifatdagi ishtirok ko’rib chiqilgan dastlabki sud jarayoni bo’ldi.

Avvalroq DXX raisi Ixtiyor Abdullayev parlamentdagi chiqishida o’z faoliyatini tiklashga harakat qilayotgan “Birlik” va “Erk” partiyalarini mamlakatda beqarorlik keltirib chiqarishni maqsad qilayotgan kuchlar sifatida taqdim etgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG