Bu hafta AQSh Kongressi ikki masala bilan band bo’ladi. Bugun Senatda sobiq prezident Donald Tramp ustidan sud boshlanmoqda. Qonunchilar, shuningdek, koronavirusdan jabr ko’rgan aholi va bizneslarga atalgan 1,9 trillion dollarlik yordam paketi ustida ishlaydi.
Kongressdagi qo’mitalar Prezident Jo Bayden taklif etgan paketga o’z hissasini qo’shadi. Aksariyat respublikachilar nazarida, qonun loyihasida haddan ziyod ko’p pul so’ralmoqda, ammo har ikki palatada ko’pchilikni tashkil etgan demokratlar hujjatni tez qabul qilish tarafdori.
“Qancha ko’p amerikalikka yordam bera olsak, shuncha yaxshi. Vaqt - g’animat”, - deydi yangi Transport vaziri Pit Buttijich.
Tramp Amerika tarixida Vakillar palatasida ikki bor impichmentga yuz tutgan yagona rahbardir. Agar Senat ham uni aybdor deb topsa, Tramp impichment e’lon qilingan ilk sobiq prezident ham bo’ladi. Demokratlar uni 6-yanvar kuni xaloyiqni Kongress binosiga bostirib kirishga gijgijlaganlikda ayblamoqda.
Missisippi shtatidan saylangan respublikachi senator Rojer Viker sudni “bir partiyaning ma’nosiz mashg’uloti” deb atadi.
“Tramp Kapitoliyni ishg’ol etishga qaratilgan g’alayonni bir o’zi qo’zg’atganlikda ayblanmoqda. Bu sudda isbotini topmaydi”, - deydi qonunchi.
Tramp sudda aybdor deb topilishi uchun 50-50 bo’lingan Senatda vakillarning uchdan ikki qismi, ya’ni 67 nafari, jumladan 17 respublikachi senator bu masalaga ovoz berishi kerak.
Eng so’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning 56 foizi Trampning impichment etilishi va kelajakda saylovlarga yaqinlashtirilmasligi tarafdori. So’ralganlarning 43 foizi impichmentga qarshi.
Trampning G’arbiy Virjiniyadagi tarafdorlari impichment sudini qoralamoqda. Ularga ko’ra, jarayon mamlakatda siyosiy bo’linishni yanada kuchaytirib, fuqarolar urushiga yetaklashi mumkin.
Prezidentlikdan ketgan odamga impichment e’lon qilish ma’nosizdir, deydi yana ba’zilar.
Facebook Forum