Breaking News

AQSh BMT konvensiyasiga nega qo’shilmaydi?


AQSh Senati dunyo bo’ylab nogironlar huquqini muhofaza qilish va ularga munosabatni yaxshilash to’g’risidagi BMT konvensiyasiga qarshi ovoz berdi.

AQSh va nogironlar huquqi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:01 0:00
Yuklab oling

Kapitoliydagi muxbirimiz Maykl Boumanning xabar berishicha, prezident Jorj Bush davrida imzolangan hujjat ratifikatsiyadan o’tishi uchun Senatda yetarli ovoz to’play olmadi.

BMT konvensiyasi ovozga qo’yilishi oldidan senatorlar uning ustida ikki soat bahslashdi. Demokrat Jon Kerri Amerika bu hujjatga qo’shilishi kerak, deb minbardan kuyinib so’zladi.

“O’z yerida tilsiz yashayotgan millionlab odamlar haqqi, ovoz bering. Huquqlaridan mahrum bo’lganlar tomonida bo’laylik”, - deya undadi senator Kerri.

Ammo Respublikachilar partiyasi azaldan AQSh xalqaro tashkilotlarga, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ra’yiga qarab qolmasligi kerak, deb kelgan. Partiyaning o’nlab a’zolari xalqaro bitimga qarshi ovoz berdi.

Senator Jeyms Inxof fikricha, BMT byurokratiyasi Amerika qonunlari va suverenitetiga raxna soladi.

“Hech kim tomonidan saylanmagan byurokratlar o’z idorasida o’tirib olib, AQShga uni qil, buni qil, deyishi bizga to’g’ri kelmaydi. Hujjatni ratifikatsiya qilsak, aynan shunday bo’ladi”, - deydi u.

Boshqa bir respublikachi Mayk Li nazarida esa xalqaro bitimga qo’shilish Amerikada farzandi nogiron ota-onalar huquqini poymol etish demakdir.

“Farzandini qanday tarbiyalash ota-onaning o’ziga havola. Bu ishga hukumatlar ham, xalqaro organlar ham aralashmasin”.

BMTning Nogironlar huquqini muhofaza qilish to’g’risidagi konvensiyasining respublikachi tarafdorlaridan biri - senator Richard Lugar deydiki:

“Ko’pchilik safdoshlarim bu haqda noto’g’ri tasavvurga ega. Bu konvensiya Amerika o’z qonunlarini o’zgartirishini yoki qonunbuzarlik hollari bizning mamlakatimiz sudlarida ko’rilishini taqozo etmaydi”.

Aksincha, bitimga qo’shilsa, AQSh jahon bo’ylab nogironlar huquqini muhofaza qilishi osonlashgan bo’lardi, bu harakatlar samaradorligi oshgan bo’lardi, deydi demokrat Richard Durbin.

Uning aytishicha, AQSh erkinlik va imkoniyatlarni faqat o’z fuqarolari uchungina emas, barcha uchun birdek ravo ko’rishi kerak.

Nogironlar huquqini muhofaza qilish to’g’risidagi konvensiyaga 150 dan ziyod davlat qo’shilgan. Faollar deydiki, maqsad majruhlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotida aktiv ishtirokini ta’minlashdir.

Mazkur xalqaro bitim ularni diskriminatsiyadan himoya qiladi. Shuningdek, unda ta’lim olish, ishlash va tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqi ask etgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG