Breaking News

AQSh qishloqlaridagi kasalxonalarda koronavirusga qarshi kurashda resurs yetishmayapti


AQShda esa shu onga qadar 14 milliondan oshiq odamda koronavirus qayd etilgan. Kuniga o’rtacha 170 mingdan ziyod odam virus yuqtirmoqda. Nafaqat shaharlar, balki qishloqlardagi kasalxonalarda ham vaziyat og’ir.

Missuri shtatidagi bir kasalxona bosh hamshirasi Elizabet Gaffining aytishicha, test topshirayotganlarning 30 foizida virus aniqlanmoqda.

"Ya’ni test topshirayotgan har uch odamning birida. Kasalxonalarda ham bemorlar ko’paymoqda. So’nggi 2-3 haftada reanimatsiyadagi bemorlarning kamida yarmi kasalxonaga kelmasidan COVID yuqtirgan”, - deydi u.

Skotlend grafligidagi 25 yotoqli kasalxonaga atrofdagi oltita graflikdan ham fermada yoki sport mashg’uloti paytida lat yegan, gripp yuqtirgan odamlar murojaat etib turadi. Odatda xonalarning ko’pi bo’sh bo’ladi, ammo hozir emas.

Kasalxonada ishlovchi 142 xodimdan olti nafari shifokor, 75 tasi hamshira bo’lib, hozir hammasi band.

“Mutaxassis yetishmayapti. Hayotimiz faqat koronavirusdan iborat emas. Xodimlarimizning ko’pi yosh onalar. Kimdir karantinga qo’yilsa yoki maktab yopilib, farzandi uydan onlayn o’qishga majbur bo’lsa, salohiyatimiz yanada pasayadi”, - deydi Gaffi.

Unga ko’ra, ana shunday mahalda hamshiralar qo’shimcha soat ishlashga majbur.

“Ishimiz boshimizdan oshib yotibdi. Bemorlar ko’paysa, ularga qarash o’ta qiyin bo’ladi”, - deydi bosh hamshira.

Missuri shtatida 320 mingdan ortiq odamda koronavirus aniqlangan bo’lib, salkam 3700 bemor hayotdan ko’z yumgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG