AQShning Merilend shtatidagi tibbiy markaz xodimlari koronavirusga qarshi kurashar ekan, pandemiya hali-beri tugamasligini aytadi. Amerika bo’ylab shtatlar karantindan chiqishi ketidan 30 dan ortiq shtatda virusga chalinish keskin kuchaygan.
Fort-Vashington kasalxonasi shifokori Kevin Koulning aytishicha, koronavirus bilan og’ir ahvolda keltirilgan bemorlarda nafas qisilishi kuzatiladi. Tibbiy mutaxassis nazarida, ijtimoiy masofani saqlash qiyin bo’lgan joylarning ochilishi xato bo’lgan.
“Bu virusdan har kuni bemorlar o’layotganini ko’raman. Odamlar pandemiya tugadi deb plyajga chiqmoqda, ammo tugagani yo’q. Hali-beri tugamaydi ham. Afsuski, mana shu odamlarni deb tugamaydi”, - deydi Koul.
Ayniqsa Arizona, Texas va Florida shtatlarida koronavirusga chalinish hollari keskin oshgan.
Florida gubernatori Ron DeSantisning aytishicha, bunga, asosan, yoshlar sababchi bo’lmoqda.
“Mart oyida kasallanganlarning o’rtacha yoshi 60 atrofida edi, aprel va mayda 50 ga tushdi. Oxirgi 10 kun ichida virus yuqtirganlarning 33-36 yoshda ekani aytilmoqda”, - deydi gubernator.
Merilendlik hamshira Trakina Xoganning aytishicha, tibbiy xizmatchilar bemorlar yotgan xonaga kirganida himoya vositalarini kiyishi shart, bu esa virus qanchalik tez tarqalishidan dalolat.
“Virus haqiqiydir. Soxta emas. Unga jiddiy yondashish zarur. Niqobni taqib, qo’lni yuvib yurish kerak. Shifokorlar bemorlarga yordam bermoqda, ammo odamlarning o’zlari ham hushyorlikni yo’qotmasdan chorasini ko’rishi zarur”, - deydi hamshira.
So’nggi bir kunda AQShda salkam 45 ming odam koronavirus yuqtirgan.
Facebook Forum