AQShda yoz mavsumidan beri koronavirusga test topshirish ikki karra ko’paydi. Test markazlari sust ishlamoqda, odamlar soatlab navbatda turishga majbur.
“4 soat navbatda kutdim. Qish kunlarida bu ishni yaxshiroq yo’lga qo’yishsa bo’lardi, axir navbatda turib ham odam shamollab qolishi mumkin”, - deydi nyu-yorkliklardan biri.
Navbatda turgan ba’zilar uchun vaqt tezroq o’tyapti.
"Odamlar bilan gaplashsangiz, navbatingiz tezroq keladi”, - deydi Zak Kats ismli bor odam.
Payshanba kungi Shukronalik kuni uchun oilalar jam bo’lmoqda. Ba’zilar boshqa shtatlardan uchishdan oldin koronavirusga test topshirishga qaror qilgan.
“Virus yuqtirish hollarining ko’payayotgani, odamlarning hatto oila a’zolariga nisbatan karantin choralari qo’llayotgani ko’plarga og’ir tushmoqda”, - deydi Liza Korpolongo.
Tibbiy xizmatchilar test tizimlari yetishmayotganini aytadi.
"Ta’minotda tanqislikka uchrayapmiz. Bu esa test natijalarini aniqlash vaqtini uzaytirishi mumkin. Hozircha bunday emas”, - deydi Davlat tibbiy laboratoriyalari uyushmasi rahbari Skott Bekker.
Ammo, deydi u, vaziyat o’zgarishi mumkin.
“Kasallanish hollari ko’payishi bilan test o’tkazishga talab oshadi, demak natija vaqti ham cho’ziladi”, - deydi Bekker.
AQSh Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi amerikaliklarga Shukronalik kunida safar qilmaslikni, mehmonga bormaslikni tavsiya qilmoqda.
Dunyoda koronavirusga qarshi vaksinani birinchi bo’lib yaratgan Rossiya “Sputnik V” vaksinasi raqobatchilar mahsulotlariga qaraganda arzonroq bo’lishini bildirmoqda. Emlanish ikki bosqichdan iborat. Rossiyalik mutaxassislar “Sputnik V” vaksinasi samarasini 95 foiz atrofida baholamoqda.
Vaksina Moskvadagi Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya tadqiqot markazida ishlangan. Uni yanvar oyidan boshlab xorijga sotish ham rejalangan. Chetga sotiladigan narxi dozasiga 10 dollardan kamroq bo’lishi aytilmoqda.
Mahalliy aholi esa bepul emplanadi. Ular rus vaksinasiga ishonch bildirmoqda. Rossiya “Sputnik V” preparatining bir milliarddan ortiq dozasini ishlab chiqarmoqchi. G’arb mutaxassislari rus vaksinasiga ishonchsizlik bilan qaramoqda.
Facebook Forum