Breaking News

AQSh kompaniyalari Kubada biznes qilishga shay


Amerika Kuba bilan biznesga shay
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:57 0:00

Amerika Kuba bilan biznesga shay

Qo’shma Shtatlar yarim asrlik g’animi Kuba bilan rishtalarni tiklar ekan, AQSh kompaniyalari u yerda biznes qilishga shay. Ayni damda orolga ayrim mahsulotlarni eksport qilishga ruxsat bor.

Kuba terrorizmni quvvatlovchi davlatlar ro’yxatidan o’chirilgani bu imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.

Prezident Barak Obama Kuba rahbari bilan yuzma-yuz uchrashgani va bu davlat qora ro’yxatdan chiqarilayotgani olamshumul yangilik bo’ldi. Nafaqat Vashingtonda, balki moliya markazi Vol-Stritda ham.

“Moliyaviy masalalar, savdo-sotiq shu paytgacha eng katta muammolardan edi. Sarmoyadorlar tavakkal qilishni xohlamaydi. Kuba terrorchi guruh va tashkilotlar bilan hamkorlik qilmaydi, degan maqomga erishgani xavotirlarni ancha yumshatdi”, - deydi Lotin Amerikasi bo’yicha ekspert Karl Micham.

Kuba bilan bordi-keldi yo’lga qo’yilyapti, lekin iqtisodiy embargoni faqat Kongress olib tashlay oladi. Hozir AQSh kompaniyalari orolga faqat oziq-ovqat va tirikchilik uchun zarur boshqa mahsulotlar eksport qiladi.

Yanvar oyida Obama Kubaga sayohat qilishga oid cheklovlarni yumshatganidan so’ng sayyohlar oqimi ko’paya boshlagan. AQSh aviakompaniyalari va mehmonxona bizneslari ham Kubaga kirmoqchi.

Turizm potensiali katta, deydi tahlilchi Antonio Martinez.

“Bizneslar uchun Kuba yirik bozor. Orolda 11 million aholi yashaydi. Joriy yilda taxminan uch million sayyoh mamlakatni borib ko’rishi kutilmoqda. Embargo va boshqa cheklovlar olib tashlansa, Amerika bilan aloqalar joyiga tushsa, turizm sohasi gurkirab o’sadi. Sayyohlar soni olti millionga yetadi”.

Mastercard va American Express kabi kredit kompaniyalar Kubaga mushtoq. Suhbatdoshga ko’ra, rejalar tezda amalga oshishini kutmaslik kerak.

“Kubada biznes qilaman deganlar ko’p, lekin Gavana kim bilan ishlashni o’zi hal qiladi. Hammasi hukumat qo’lida”, - deydi Martinez.

Embargo hali bekor qilinmagan, lekin amerikalik fermerlar mahsulotini Kubaga sotishga shay. Orol infratuzilmasi ham ta’mirga muhtoj. Telekommunikatsion kompaniyalar navbatini kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG