Qo'shma Shtatlar va Kuba diplomatik aloqalarni tiklash bobida muzokara qilmoqda. AQSh davlat kotibi muovini Roberta Jekobsonning aytishicha, tomonlar qator masalalar bo'yicha kelishib oldi, ammo ayrim mavzular bo'yicha qarashlarda keskin farq bor.
Muloqot yarim asrdan oshiq vaqt oldin qo'yilgan sanksiyalarni Kubadan olib tashlash uchun zamin hozirlamoqda.
"Oldimizda uzun va mashaqqatli yo'l turibdi", - deydi AQSh rasmiysi.
Roberta Jekobsonning aytishicha, ikki davlat aloqalarini mushtarak manfaatlar asosida qurishi kerak.
“Global salomatlik, xavfsizlik, giyohvandlikka qarshi kurash, huquq-tartibot idoralari faoliyatini yaxshilash, ekologiya bobida hamkorlik, ta'lim sohasida almashinuv dasturlari, inson savdosiga qarshi kurash kabi sohalarda muloqot qilishimiz lozim”, - deydi u.
Biroq siyosiy qochqinlar, so'z erkinligi bobida gapimiz bir joydan chiqmayapti, deydi Jekobson.
“Kuba hukumati bilan kelisha olmayotgan masalalar mana shular: demokratiya, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati, nodavlat tashkilotlar faoliyatini qo'llab-quvvatlash”, - deydi davlat kotibining muovini.
Kuba rasmiylari mamlakatining AQSh tomonidan terrorizmni qo'llab-quvvatlovchi davlat sifatida belgilanganidan norozi. Amerika Kongressidagi ayrim qonunchilar Oq uyning Kuba bilan aloqalarni tiklash rejasini olqishlasa, boshqalar nazarida orol mamlakatda inson huquqlari va matbuot erkinligi ta'minlanmaguncha, bunday qadam tashlashga erta.
Vashingtondagi konservativ "Xeritij jamg'armasi" tahlil markazi eksperti, kubalik amerikalik Maykl Gonzalezning aytishicha, Kuba hukumati yarim asrdan beri fuqarolarini ezib keladi. Bu - mirshab davlat, deydi u.
“Agar yomon odamlar bilan ish qilishni islohot deb atasangiz, unda nafaqat Kuba, balki Shimoliy Koreya, Eronga ham quchoq ochishimiz kerak”, - deydi u.
Ayrim masalalardagi kelishmovchiliklarga qaramay, munosabatlarning tiklanishidan har ikki tomon foyda ko’rishi aniq, deydi Vashingtondagi Atlantika Kengashi tashkilotida Lotin Amerikasi bo’yicha tahlilchi Reychel Delevi-Ori.
“Kuba xalqi ayrim o’zgarishlardan ruhlanishiga guvoh bo’lamiz. Masalan, telekommunikatsiya sohasida - aholiga aloqa vositalaridan foydalanishga ruxsat berilsa; qishloq xo’jaligi, qurilish, sog’liqni saqlash sohalarida mahsulot sotib olinganda”, - deydi tahlilchi.
AQSh muzokarachilariga ko’ra, bo’lajak muloqotlarda tomonlar turli mavzularni muhokama qilib, hamkorlikka kelishishga harakat qiladi.