AQSh Prezidenti Barak Obama kiber-xurujlarni amalga oshiruvchi shaxs va tashkilotlarga nisbatan yangi iqtisodiy jazo choralari joriy qilinishi haqida e'lon qildi. Chora Amerika bizneslari va iste'molchilari ma'lumotlarini nishonga oluvchi xorijlik xakerlarga qarshi qaratilgani aytilmoqda.
"Kiber-tahdidlar AQSh uchun eng jiddiy iqtisodiy va milliy xavfsizlikka oid muammolardan biri sanaladi", - dedi Obama farmonga imzo chekar ekan.
Jazo choralarining nimalardan iborat bo'lishi haqida aniq ma'lumot berilmagan.
Farmonda aytilishicha, AQSh kompyuter tizimlari, banklar va katta biznes kompaniyalariga hujum qilib, ulardan biznes va savdo sirlarini o'g'irlashga uringan har qanday shaxs yoki tashkilot AQSh hukumati sanksiyalariga yo'liqadi.
So'nggi oylarda AQShning bir necha yirik kompaniyalari kiber-xurujlarga yuz tutdi. Ular orasida millionlab mijozlarning kredit kartalarini xavf ostiga qo'ygan tibbiy sug'urta kompaniyasi, texnika va kiyim-kechak do'konlari tarmog'i bor.
Oq uy saytiga qo'yilgan blogpostda Obamaning aytishicha, eronlik xakerlar ayrim AQSh banklariga hujum qilgan bo'lsa, "Sony Pictures" kompaniyasidagi minglab kompyuterlarga uyushtirilgan xuruj ortida Shimoliy Koreya turibdi.
Bu kabi xavflarni bartaraf etish uchun diplomatik muloqot, savdo bo'yicha mavjud qoidalar hamda huquq-tartibot organlari ishga solinadi.