Breaking News

AQSh fuqarolikni qalloblik bilan kiritgan shaxslarga qarshi choralarni kuchaytirmoqda


Muhojirlar AQSh fuqaroligni olish marosimi paytida
Muhojirlar AQSh fuqaroligni olish marosimi paytida

AQSh Adliya vazirligi fuqarolikni noqonuniy yo’l bilan qo’lga kiritganlikda gumon qilinayotgan odamlar ishini tergov qilish va sud orqali ularni fuqarolikdan mahrum etish maqsadida yangi idora ochilgani haqida ma’lum qildi.

Donald Tramp prezidentlikka kelganidan beri noqonuniy immigratsiyaga qarshi qattiq kurashmoqda. 2017-yildan beri Adliya vazirligi soxta yo’llar bilan fuqarolikni qo’lga kiritganlikda gumon qilinayotgan 94 kishining ishini federal sudga oshirgan.

Vazirlik qoshida yangi ochilgan denaturalizatsiya bo’limi AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari kabi davlat idoralaridan tushayotgan shikoyatlarning ko’payganiga javob tariqasida ta’sis etilgan.

“Denaturalizatsiya bo’limi vazirlikning fuqarolik maqomini soxta yo’llar bilan olgan odamlarni aniqlashda va javobgarlikka tortishda yordam beradi”, - deydi AQSh bosh prokurorining yordamchisi Jodi Xant.

Yangi bo’lim fuqarolikni qo’lga kiritgan terrorchilar, harbiy jinoyatchilar, jinsiy tajovuzkorlar va boshqa turdagi soxtakorlarni tergov qilib, ishini sudga oshirish bilan shug’ullanadi, deyiladi Adliya vazirligi bayonotida.

“Agar terrorchi yoki jinsiy tajovuzkor soxta sabablar bilan fuqarolikka ega bo’lsa, bu tizimimizni yerga uradi. Ayniqsa shu jinoyatchilar qurbonlariga nisbatan hurmatsizlikdir bu”, - deydi Xant.

Biroq tanqidchilar nazarida, Tramp ma’muriyati fuqarolikdan ayirish siyosati bahonasida qonuniy immigratsiyaga ham zarba bermoqda.

AQSh qonuniga ko’ra, fuqarolikka o’tgan odamlar hujjat topshirish jarayonida yolg’on ko’rsatma bergan bo’lsa yoki barcha huquqiy talablarga javob bermagan bo’lsa, fuqarolikdan mahrum etilishi mumkin.

Denaturalizatsiya yoki fuqarolikdan mahrum etish jarayoni AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari agentligi tomonidan boshlanadi. Boshqarma firibgarlik haqida Adliya vazirligiga ma’lum qiladi, u esa o’z navbatida ishni sudga oshiradi.

Denaturalizatsiyaga uchragan odamlar avtomatik ravishda deportatsiya qilinmaydi. Ular avval doimiy rezident maqomiga qaytariladi, so’ng ularning grin kartasi olinib, mamlakatdan haydalishi mumkin.

Adliya vazirligi bayonotida so’nggi yillarda fuqarolikdan mahrum etilgan 10 kishining ishi keltiriladi.

Masalan, 2017-yilda Misrda terrorizmga aloqadorlikda ayblangan Xolid Abu Dahab ismli odam o’z mamlakatiga qaytganida AQSh fuqaroligidan mahrum etilib, Qo’shma Shtatlarga qaytib kira olmagan. Yoki 2018-yilda federal sud AQShga qochqin sifatida kelib, so’ng 2006-yilda fuqarolikni qo’lga kiritgan bosniyalik urush jinoyatchisi Edin Dzekoni AQSh fuqaroligidan chiqargan.

Faollar Oq uyning denaturalizatsiya siyosati faqat eng og’ir holatlarni taftish qilish bilan cheklanishiga umid qilmoqda.

“Fuqarolikni rasmiylashtirish jarayonida kichik va bilmasdan yo’lga qo’yilgan xatolar uchun odamlar jazolanmasligi kerak”, - deydi Milliy immigratsiya forumi tashkilotidan Kristian Penishe-Pol.

Sobiq prezident Barak Obama paytida Ichki xavfsizlik vazirligi olib borgan tergov 315 ming odamning barmoq izlari hukumat ma’lumotlar bazasida yoq’ligini aniqlagan, ya’ni ko’p muhojirlar fuqarolik olishda shaxsini qalbakilashtirgani gumon qilinmoqda.

“Ba’zilar o’tmishdagi jinoyatlarini yashirishga harakat qilgan bo’lishi mumkin”, deyiladi Adliya vazirligi bayonotida.

20-asrning birinchi yarmida kommunistlarga xayrixoh bo’lgan yoki xorijdagi urushlarda qatnashgan odamlar AQShda fuqarolikdan mahrum etilardi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG