Breaking News

AQSh droni va rus samolyotlarining Qora dengiz uzra dueli


AQSh harbiy dronining havoda rus samolyotlari bilan yuzma-yuz kelishi natijasida Qora dengizga qulashi Ukrainada urush boshlanganidan beri ilk bor AQSh va Rossiya o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri to’qnashuvga olib kelishi mumkinligi aytilmoqda.

Xalqaro hayot - 15-mart, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:12 0:00

AQSh tarafiga ko’ra, “Riper” deb ataluvchi “MQ-9” droni Qora dengizning xalqaro suvlari uzra uchayotganida Rossiyaning ikkita Su-27 qiruvchi samolyoti bilan yuzlashdi. Pentagon matbuot kotibi Pet Rayderning aytishicha, samolyotlardan biri dron propelleriga urdi, dron ustidan bir necha bor yoqilg’i quyishdi. Natijada dronni boshqarayotgan operatorlar uni xalqaro suvlarga tushirishga qaror qildi.

Pentagon rus uchuvchilari harakatini xavfli, mas’uliyatsiz va noprofessional deb atadi.

AQSh Harbiy-havo kuchlarining bildirishicha, dron razvedka va kuzatuv vazifalarini bajarayotgan bo’lgan. Ayrim manbalar dronda qurol bo’lmaganini aytadi.

"Rus samolyotiga ham zarar yetgan deb o’ylaymiz. To’qnashuvdan so’ng uning qo’nganini bilamiz. Qayerga qo’nganini aytolmayman, ammo uchuvchilar o’zini o’ta noprofessional darajada tutdi”, - deydi Pentagon vakili.

Rossiya Mudofaa vazirligining so’zlovchisi Igor Konashenkovning aytishicha esa, Amerikaning transponderlari o’chirilgan pilotsiz droni Qora dengizning Qrim yarim oroliga yaqin joyida Rossiya maxsus harbiy amaliyot paytida samolyotlar kirishi uchun vaqtincha taqiqlangan chegarani buzgan.

“Buzg’unchini qarshilash uchun havoga navbatchi samolyotlar ko’tarilgan. Keskin manevr paytida dron boshqaruvni yo’qotib, suvga tushgan. Rus qiruvchi samolyotlari qurollarini ishga solmay, dron bilan to’qnashmay bazaga eson-omon qaytib bordi”, - deydi general-leytenant.

Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Oqar Turkiya vaziyatni kuzatayotganini, voqea bo’yicha har ikki taraf vakillari bilan bog’langanini bildirdi.

Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, dron qoldiqlarining Rossiya qo’liga tushmasligi uchun AQSh uni dengiz tubidan olib chiqishga harakat qiladi, ammo shu tobda yaqin atrofda Amerikaning birorta kemasi yo’qligi sabab buning yaqin orada imkoni bo’lmasligi mumkin.

Ruslar bu ishni birinchi bo’lib uddalasa, Amerikaning jangovar droni qanday tuzilgani va qanday ishlashini o’rganishga harakat qilishi mumkinligi aytilmoqda.

Qora dengizdagi voqea ketidan Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov Davlat departamentiga chaqirtirildi. Elchining aytishicha, dron uchgan hududning maxsus harbiy amaliyot paytida yopilgani haqida barcha davlatlar xabardor qilingan edi.

"Nazarimda, bu g’irt provokatsiyaning o’zi. Bizni ma’lum harakatlarni qo’llashga undab, noprofessionalizmda ayblashmoqchi”, - dedi Antonov.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi eksperti Tom Karako Rossiyaning o’zini provokatsiyada aybladi.

“Sinovga o’xshash narsa bu. Ruslarga xalqaro suvlar uzra uchib yurishimiz yoqmayapti, bundan noroziligini yashirishmayapti. AQSh qattiq va aniq javob berishi kerak, aks holda zaifligimiz ularni boshqa harakatlarga undashi mumkin”, - deydi u.

Rossiyalik kuzatuvchilar nazarida, AQSh droni hududda ma’lumot yig’ib, uni Ukrainaga uzatish bilan shug’ullangan.

AQSh ittifoqchilari va qonunchilari Rossiya harakatlarini qoraladi.

"Janob Putinga gapim shuki, bunday xatti-harakatni bas qilmasangiz, istalmagan eskalatsiyaga sabab bo’lasiz”, - dedi AQSh Senatidagi demokratlar sardori Chak Shumer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG