Breaking News

AQSh dron hujumlaridan o'lganlar sonini oshkor qilmoqchi


AQShning dron hujumlari qurbonlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00

Pokistonda Tolibon rahbarini yo'q qilishdan tortib Somalida "al-Shabab"ning 150 a'zosini o'ldirishgacha bo'lgan hujumlarda AQSh dronlardan keng foydalanmoqda. Prezident Barak Obama davrida Vashington harbiy dronlardan foydalanishni yanada kengaytirgan. Huquq faollari bosimi ostida hukumat nihoyat dron hujumlarida o'lganlar sonini e'lon qilishi kutilyapti.

AQSh havo kuchlari uchuvchilari dronlarni Amerikaning Nyu-Meksiko shtatida joylashgan harbiy bazadan boshqaradi.

Huquq faollari terrorizmga qarshi amaliyot doirasida amalga oshiriladigan hujumlar haqida batafsilroq ma'lumot olishni istaydi. Rita Saymion ana shunday faollardan.

"Bizga ishoning, qo'limizdan kelgan barcha ehtiyot chorasini ko'ryapmiz", deyishning o'zi kifoya emas. Ko'proq ma'lumot berishlari kerak", - deydi u.

Obama ma'muriyati bu talablarga quloq tutgandek. Nihoyat, hukumat Iroq, Afg'oniston va Suriya kabi hududlarda 2009-yildan beri amalga oshirilgan dron hujumlarida o'lgan jangarilar va oddiy fuqarolar haqida ma'lumot berishga rozi bo'ldi.

"Biz bu narsalar sodir bo'layotgani haqida yaqingacha hatto ochiq gapirmas edik. Endi muntazam ravishda natijalarni, bu amaliyotga oid raqamlarni e'lon qilib bormoqchimiz. Bu oshkoralik yo'lida katta ijobiy o'zgarish", - deydi Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest.

Ammo Saymion raqamlarning o'zi kifoya emas, deydi. Uning aytishicha, ma'muriyat kim jangari, nima jiddiy xavf sifatida baholanadi va amaliyot o'tkazishga asos bo'ladi, degan savollarga ham javob berishi kerak.

"Uzoq yillar ular me'yor va chegaralar o'rnatish bilan band bo'lishdi. Ular buni tartibga solishlari kerak. Obama ketgandan so'ng chegarasiz va tuganmas urush undan meros bo'lib qolmasin", - deydi huquq faoli.

Bill Klinton va Jorj Bush ma'muriyatida maslahatchi bo'lib ishlagan Jon Hannaning aytishicha, Obama ma'muriyati terrorchilarni topilgan joyida yo'q qilish siyosatini olib bormoqda.

"Obama ma'muriyati terrorchilarni qo'lga olish va ulardan ma'lumot olish o'rniga, ularga bir o'zi sudyalik qilib, jazoni ham o'zi beryapti", - deydi u.

Shunga qaramay, deydi Hanna, dron hujumlari Yaman va Pokiston kabi davlatlarda samarali taktik qurol hisoblanadi. Bunday o'lkalarda hukumat terrorchilarni qo'lga olishga noqobil yoki buni xohlamaydi.

Lekin muvozanatni saqlash kerak, deydi Hanna.

"Amerika xavfsizligini ta'minlash uchun barcha zarur choralarni amalga oshirish bilan birga qonun-qoidasiz davlatga aylanib qolmaslik yo'llari ham ko'rilishi kerak", - deydi u.

Tahlilchilar fikricha, dronlar AQShning terrorga qarshi kurash siyosatidan muhim joy egallar ekan, munozara kelajakda ham davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG