Breaking News

AQSh prezidentlik poygasidan so'nggi gaplar


AQShda prezident saylovlari yaqinlashar ekan, nomzodlar ozchilikdagi guruhlarga ko’proq e’tibor qaratmoqda. Qora tanli aholi orasida Donald Trampni quvvatlovchilar juda kam.

Men saylansam, irqchilik bilan bog’liq muammolarga yechim topamiz, deydi milliarder. Tramp, shuningdek, immigratsiyaga doir qarashlarini o’zgartirayotgan ko’rinadi.

Respublikachilar nomzodi afro-amerikaliklar uchun ta’lim sifatini oshirishga, ish o’rinlarini ko’paytirishga, ular yashaydigan hududlarga farovonlik olib kelishga va’da bermoqda. Nyu-Gempshir shtatida qilgan nutqida Tramp mavjud muammolarda demokratlarni aybladi.

“Demokratik partiya qabul qilgan siyosiy qarorlardan aziyat chekkanlar, jumladan millionlab afro-amerikaliklar va ispanzabon fuqarolar, ular haqida qayg’urmaydigan siyosatchilarni rad etishi darkor”, - deydi Tramp

Ozchilik guruhlar Trampni yoqtirmaydi, ammo ayrimlar unga imkoniyat bermoqchi.

“Chunki bizga ish kerak. Oddiy bir qora tanli oila hisobida 5 ming dollar ham topilmaydi. Chekka shaharlarda afro-amerikalik aholining yarmidan ko’pi ishsiz. Tramp ana shu muhtoj qatlamga murojaat qilayapti”, - deydi nyu-yorklik Mark Berns.

Respublikachi nomzod latino saylovchilar ko’nglini ham ovlamoqda. U Meksika bilan chegarada devor qurishini aytadi, lekin millionlab noqonuniy immigrantlarni AQShdan haydash fikridan qaytdi.

Hillari Klintonni Tramp yolg’onchi, poraxo’r va terrorizm asoschilaridan biri deb ta’riflaydi.

“Davlat kotibi bo’lgan davrda Klintonga chiqish uchun odamlar naqd pul to’lagan. Klinton jamg’armasiga yoki Bill Klintonga pul berganlar Davlat departamenti tomonidan imtiyozlar bilan siylangan”, - deydi Tramp.

Sobiq davlat kotibasi Nevada shtatida saylovchilar bilan uchrashdi. Unga ko’ra, Tramp afro-amerikaliklar haqida eski qolipdagi gaplarni takrorlamoqda:

“O’tgan bir haftada uning og’zidan chiqqan gaplarga e’tibor bering. Asosan oq saylovchilardan iborat auditoriya oldida turib, g’oyo qoralarni haqorat qilayotgandek: ular qashshoq, savodsiz, uysiz, mulksiz, ular yashaydigan mahallalarda jinoyatchilik shunchalik keng tarqalganki, ko’chada yurib bo’lmaydi deydi”.

Klinton nazarida Tramp nafratga to’lgan radikal guruhlarga o’z partiyasi eshigini ochib berayapti.

“Bizni buyuk qilgan qadriyatlarimizga beparvoligi juda xatarli”, - deydi Klinton.

Dunyo beqaror bo’lgan bir zamonda, deydi u, oliy lavozimni Trampdek johil, betayin va beoqibat odamga topshirib bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG