Breaking News

Saylov yaqinlashar ekan, diqqat reytinglarda


Amerikada prezident saylovlari yaqinlashar ekan, omma fikri haftama-hafta o’rganib borilmoqda.

So’nggi so’rovlarda amerikaliklarning aksariyati amaldagi prezident Barak Obamani shaxsan yoqtirishini aytgan. Lekin ular iqtisod juda sekin o’sayotganidan norozi.

“Gallup” tashkiloti olib borgan so’rovda Obama tarafdorlari 47, uning respublikachi raqibi Mitt Romnini qo’llayotganlar esa 46 foiz.

Saylov 6-noyabrda

Oradagi farq ungacha kattalashishi amri mahol, deydi Piter Braun, siyosiy tahlilchi. Ayrim shtatlar tamoman Obama tomonida, lekin biror partiyaga sodiq bo’lmagan, mustaqil saylovchidan har narsa kutsa bo’ladi. Ular mafkura emas, nomzodning real qarorlariga qarab ovoz beradi.

Romni Kolorado shtatida Obamadan besh foiz oldinda. Obama esa Virjiniya va Viskonsin shtatlarida to’rt foiz bilan yetakchilik qilmoqda. 2008-yilda bu shtatlarning hammasi Obamaga ovoz bergan.

Yaqin orada Romni vitse-prezidentlik uchun kimni tanlaganini e’lon qiladi.

Avgust oxiri va sentabr boshida har ikki partiya qurultoyga yig'iladi

Ana undan keyin nomzodlar yuzma-yuz bahslar qiladi va omma bu arboblarni yaqindan tahlil qilish imkoniga ega bo’ladi.

Raqiblar yonma-yon, yuzma-yuz turib gaplashishi jamoatchilikka o’zgacha ruh beradi, ularning qarashlarini shakllantirib, hatto fikrini o’zgartirishi mumkin, deydi tahlilchi Piter Braun.

Prezidentlikka nomzodlar orasida oktabr oyida uch debat rejalangan. Bundan tashqari, vitse-prezidentlikka nomzodlar ham bir bora bahslashishi kutilmoqda.

Qurultoy ularni ommaga qaytadan tanishtirish imkonini beradi, deydi Tom Defrank, siyosiy sharhlovchi. Uning fikricha, bu yig’indan keyin Romnining reytingi bir oz ko’tarilishi mumkin.

“Hozircha Obama qayta saylanishga loyiq ekanini isbotlay olgani yo’q. Romni ham Amerikani to’g’ri yo’lga boshlay olaman deya ishontira olgani yo’q. Kelasi uch oy juda muhim davr”, - deydi Defrank.

Obama va Romni prezidentlikka saylanish uchun yuzlab million dollar jamg’argan va ularni ayovsiz ishga solmoqda.

Siyosiy reklamalar avjida, jamiyatning har bir qatlamiga mo’ljallangan alohida targ’ibot dasturlari olib borilmoqda.

Nomzodlar shtatma-shtat saylovchilar bilan uchrashib, ularning ko’nglini ovlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG