8-noyabr kuni AQShda Kongressga va boshqa idoralarga saylovlar bo’lib o’tdi. Ko’p joylarda ovozlar hamon hisoblanmoqda, yakuniy natijalarni e’lon qilishga hali erta. Saylov natijasi mamlakatning keyingi ikki yildagi siyosatini belgilaydi.
Respublikachilarning Vakillar palatasida hokimiyatni qo’lga olishi bashorat qilingan. Senatda esa kurash ancha qizg’in bo’lyapti.
Florida shtatida Demokratlardan nomzod kongressmen ayol Val Demmings respublikachi senator Marko Rubioni mag’lub eta olmadi.
Jorjiya shtatida esa respublikachi nomzod Xershel Uoker demokrat senator Rafael Uornokning o’rniga da’vo qilyapti, biroq ovozlar hozircha deyarli teng.
“Abort huquqlari masalasini deb demokratlarning hokimiyatda qolishi tarafdoriman. Ayol sifatida bu men uchun muhim mavzu, chunki tanlash imkoniga ega bo’lishni xohlayman”, - deydi jorjiyalik bir saylovchi.
Prezident saylovlarida g’alaba qozongan partiyaning ikki yil keyin Kongressga bo’ladigan oraliq saylovlarda mag’lub bo’lishi tarixiy an’ana. Prezident Jo Baydenning iqtisodiy siyosati ba’zi saylovchilarning u va Demokratik partiyadan yuz o’girishiga sabab bo’lyapti.
“Bayden qarorlarini o’zi qabul qiladi deb o’ylamayman. U radikal so’lchilar va maxsus manfaat guruhlarining aytganini qilyapti degan fikrdaman”, - deydi yana bir saylovchi.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, sobiq prezident Donald Tramp qo’llab-quvvatlagan nomzodlar u kutganidek natija ko’rsatmayapti. Respublikachilar mag’lubiyatga uchrasa, sobiq rahbar aybdor bo’ladi, deydi ayrimlar. Bu esa Trampning partiya ichidagi nufuzini tushirib, uning 2024-yilda prezidentlikka qayta saylanish umidini puchga chiqarishi va aksincha partiyaviy raqibi, Florida gubernatori Ron Desantisning imkoniyatlarini oshirishi mumkin.
Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka ehtimoliy nomzod Desantis seshanba kungi saylovda yaxshi natija ko’rsatib, gubernatorlikka qayta saylandi.
Tramp qo’llab-quvvatlagan nomzodlarning ba’zilari saylovni boy berdi. Pensilvaniyada sobiq shifokor va televideniye yulduzi Mehmet O’z Senat saylovida shtat gubernatorining o’rinbosari Jon Fettermanga mag’lub bo’ldi, Dag Mastriano esa gubernatorlikni demokrat nomzodga berib qo’ydi.
Nyu-Gempshirda Tramp fotihasini olgan respublikachi nomzod Don Boldukka qarshi kurashda demokrat senator Meggi Hasan o’z o’rnini saqlab qoldi.
Michiganda esa Trampning maslakdoshlari Tudor Dikson gubernatorlik uchun, Kristina Karamo esa shtatning davlat kotibi lavozimi uchun poygada g’alaba qozona olmadi.
Biroq Tramp dastaklagan barcha nomzodlar ham muvaffaqiyatsizlikka uchragani yo’q. Ogayo, Shimoliy Karolina va Alabamada g’alaba senatorlikka da’vo qilgan trampchi nomzodlar tarafida bo’ldi.
Arizona shtatida esa ovoz hisoblovchi 60 taga yaqin apparatning nosozligi Tramp va uning tarafdorlari uchun demokratlarni g’irromlikda ayblashga asos bo’ldi.
Texnik muammolar sabab ayrim saylov uchastkalarida odamlar ovoz bera olmagan, saylov mutasaddilari ularni boshqa uchastkalarga yuborgan.
Tramp 2020-yil prezident saylovi natijasini haligacha tan olmaydi, Jo Bayden g’irromlik bilan g’alaba qozonganini da’vo qiladi. Respublikachilar pochta orqali ovoz berish jarayonini yo’q qilishga intilyapti.
Facebook Forum