Breaking News

AQSh Sharqiy Yevropada og'ir qurollar joylashtirishi mumkin


AQShning "Abrams" tanklari
AQShning "Abrams" tanklari

Qo'shma Shtatlar Boltiq davlatlari va Sharqiy Yevropada og'ir qurollarini joylashtirishi mumkin, deyiladi "Nyu-York Tayms" gazetasida. Nashrning AQSh Mudofaa vazirligidagi manbalardan olingan ma'lumotlarga tayanib bildirishicha, bu Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga nisbatan qilinmoqda.

Prezident Vladimir Putinga AQSh Sharqiy Yevropadagi ittifoqchilarini mudofaa qilishga tayyor ekanini ko'rsatishga qaratilgan qadam bu, deydi bu manbalar.

Hozir shu mavzuda taklif tayyorlangan. Uni Mudofaa vaziri Eshton Karter va Prezident Barak Obama tasdiqlashi lozim. Shunday bo'lgan taqdirda, Bolgariya, Estoniya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya va Vengriyaga qo'shimcha qurol va harbiy anjomlar yuboriladi.

Latviya Mudofaa vaziri Raymonds Veyonisning "Nyu-York Tayms"ga aytishicha, agar biror kor-hol ro'y bersa, qurollarni kutishga kunlar, haftalar ketadi.

"Biz esa tez chora ko'rishimiz kerak", - deydi u.

"Nyu-Yorks Tayms"ga ko'ra, gap besh ming harbiyga mo'ljallangan tanklar, bronetransportyorlar va boshqa harbiy texnika haqida ketmoqda.

O'tgan hafta Assoshieytid Press axborot agentligining xabar berishicha, Qo'shma Shtatlar yadroviy zaryadli qanotli raketalarini Yevropada joylashtirish ustida o'ylanmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Vashingtonni qadamini o'ylab bosishga chaqirib, javob choralari ko'rilishini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG