Breaking News
Din

AQShda sobiq musulmonlar o'z jamiyatlarini tuzmoqda


Sobiq musulmonlar jamiyati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:21 0:00

Sobiq musulmonlar jamiyati

Amerikaliklarning chorak qismi voyaga yetgach, e'tiqoddan voz kechishi aytiladi. Bu hol barcha din vakillarida kuzatiladi, ammo islomni tark etganlar, odatda ko'proq tazyiqqa uchrashi ma'lum. AQShda dindan chiqqan musulmonlar norasmiy uyushma ochgan.

Bayram kunlari Vashingtondagi barlarning birida kichik ziyofat o'tdi.

Ichkilik mo'l-ko'l bo'lgan yig'inni Shimoliy Amerika sobiq musulmonlari tashkiloti o'tkazdi.

"Bu yerda o'zimni xavfsiz sezaman", - deydi Samira Muxtor.

U Birlashgan Arab Amirliklarida ulg'aygan. AQShga kelgach, dahriylik yo'lini tanladi. Yangi hayotga ko'nikish oson emas, deydi u.

"Kimdir, "Nima ichishni xohlaysan", deb so'rasa, qo'rqaman. Chunki bilmayman. Har xili bor. "Ustiga nima qo'shib beray", deb so'rashsa, bilmayman, deyman. Chunki nomlarini tanimayman. Shirin narsa quyib bering, deb aytaman", - deydi Samira.

Bu yerga yig'ilganlarning aksariyati o'zlariga o'xshagan sobiq musulmonlarni birinchi bor uchratishi. Ular Amerikaga dunyoning turli burchaklaridan kelgan odamlar.

"Hayotimda birinchi marta uchragan sobiq musulmon edi u. Juda quvonib ketdim", - deydi asli Pokistonlik Sara Haydar.

Sara Haydar Texasda katta bo'lgan. U tashkilot asoschilaridan biri Muhammad Said haqida gapiryapti.

"Sara o'ziga o'xshagan odamlar borligini ko'rib hayron qolgan edi. O'shanda u, bizga o'xshagan yana boshqa odamlar ham ko'p bo'lsa kerak, ularning qanchaligini topishimiz kerak, deb aytdi", - deydi Muhammad Said.

Haydarning so'zlariga ko'ra, ko'pchilik qo'rqqani uchun bu haqda gapirmaydi.

"Ko'p musulmonlar, agar diningizdan voz kechsangiz, buni shaxsiy haqorat sifatida qabul qiladi. Natijada odamlar qo'rqib, ichidagilarni ochiq gapira olmaydi. Bu borada farqli fikrlar aslo hurmat qilinmaydi", - deydi Sara Haydar.

Kameraga tushishni istamaganlar ham bo'ldi.

Chunki dinini tark etgani uchun o'lim bilan qo'rqitilganlar ko'p bo'lgan, deydi Said.

"Ko'p uchraydigan holat. A'zolarimizdan biri bir kuni yordam so'rab bizga kechasi qo'ngiroq qildi. Oilasi bilib qolib, ko'chaga haydab yuborgan ekan", - deydi u.

Vashingtonlik imom Muhammad Majidning aytishicha, dinini tark etgan odam o'lishi kerak, degan tushuncha, aslida, to'g'ri emas.

"Men bunday odamlardan nimani targ'ib etyapsiz, deb so'rayman. O'zini musulmon qilib ko'rsatsa, xavfsiz yashaydimi? Qanaqa din bu?", - deydi imom.

Qo'shma Shtatlarda qancha musulmonning o'z dinini tark etgani haqida aniq ma'lumot yo'q.

Ammo sobiq musulmonlar hozir internet orqali bir-birini topish osonlashganini aytadi. Shimoliy Amerikaning sobiq musulmonlari tashkil qilingandan bir necha yil o'tib, hozir ko'plab shaharlarda uning shohobchalari ochilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG