Breaking News

AQSh yangi agentlik orqali Xitoy iqtisodiy qudratini susaytirmoqchi


AQSh Kongressi yangi xorijiy sarmoya agentligini tuzishga asos bo'lgan yangi qonun qabul qildi. AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi deb nomlanuvchi bu tashkilotga davlat 60 milliard dollar ajratadi. Pul rivojlanayotgan davlatlarda infratuzilma loyihalari bilan shug’ullanmoqchi bo’lgan Amerika kompaniyalariga kredit, qarz kafolatlari va sug’urta shaklida beriladi.

Xalqaro hayot - 22-oktabr, 2018-yil - AQSh yangi agentlik orqali Xitoy iqtisodiy qudratini susaytirmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:29 0:00

Ba’zilar nazarida, xalqaro yordam dasturlarini qisqartirayotgan Trampning bu qarori uning “Amerika birinchi o’rinda” strategiyasiga ziddir. Biroq Oq uy ma’muriyati yangi agentlik Xitoyning Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasida kuchayib borayotgan ta’sirini tushirish maqsadida tuzilganini ta’kidlaydi.

Xitoy moliyaviy yordami hisobiga Afrikaning Quyi Saxara mintaqasida birinchi tez yurar tramvay tizimi ishga tushgan. Zamonaviy transport vositasi dengizga chiqish imkoni yo’q Efiopiyani Aden ko’rfazi va Qizil dengiz bilan bog’laydi.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi eksperti Daniyel Rundning aytishicha, Xitoyning Afrikadagi faolligi AQShni xavotirga soldi.

“Tramp ma’muriyatidagi yirik mansabdor shaxslar Osiyo va boshqa mintaqalarga safar qilishganida Xitoyning ko’plab loyihalarini ko’rishadi va bu ishlarni biz qilishimiz kerak, deyishadi”, - deydi Rund.

O’tgan oy Kongressdagi har ikki partiya qonunchilari xayrixohligida qabul qilingan yangi qonun Tramp ma’muriyatiga xalqaro tarraqqiyot bilan shug’ullanuvchi yangi idora tuzishga imkon berdi.

“Kongress va prezident ma’muriyati Amerikaning dunyo bo’ylab taraqqiyot dasturlarini moliyalash muhimligini birday tushungani e’tiborga molik holdir”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Jorj Ingrem.

AQSh tashqi siyosatida moliyaviy yordam dasturlarini qisqartirishga kirishgan prezident uchun bunday qadam bu siyosatdan chekinish deya ko’rinmoqda.

Yangi tuzilgan Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi 1971-yildan beri ishlab kelgan OPIK tashkiloti, ya’ni Xususiy xorijiy sarmoya korporatsiyasi o’rnini egallaydi, byudjeti ham, vakolati ham ko’proq.

Tramp va uning ayrim partiyadoshlari rivojlanayotgan mamlakatlarda ish qilayotgan kompaniyalarga pul berish davlat resurslarini sovurish bilan teng, deya OPIKni butunlay yopishni rejalagan edi. Biroq Xitoyning bir trillion dollardan oshiq “Bir kamar, bir yo’l” loyihasi yordamida geosiyosiy jihatdan kuchayayotganidan tashvishga tushgan Oq uy fikrini o’zgartirdi. Loyiha dunyo bo’ylab infratuzilma loyihalarini moliyalashga qaratilgan.

“Xitoy xalqaro moliya tizimida narkobaron bo’lish yo’lidan ketyapti. Pekin shaffof bo’lmagan, birorta xalqaro qoidalarga javob bermaydigan shartlar asosida osonlikcha qarz taklif etmoqda, qarzni uzish esa amri mahol ekani haqida munozara ketmoqda”, - deydi Daniyel Rund.

Xitoy uning kreditlari rivojlanayotgan mamlakatlarni qarz tuzog’iga tushirayotgani haqidagi ayblovlarni inkor etmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida, yangi tuzilgan korporatsiya 60 milliard dollarlik byudjet bilan Xitoyning dunyodagi sarmoyalariga bas kela olmaydi. Biroq ish xalqaro kredit tashkilotlari bilan hamkorlikda olib borilsa, samaradorlik oshadi.

“Fransiya, Britaniya, Skandinaviyada o’xshash tashkilotlar bor. Yangi tuzilgan korporatsiya OPIKdan farqli o’laroq kapital nazoratiga ega, demak undan yaxshiroq ishlaydi”, - deydi Jorj Ingrem.

Tahlilchilarga ko’ra, Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlari AQSh sarmoyalaridan faqat foyda ko’radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG