Breaking News

So'rov: AQSh uchun xorijdagi jangarilar tahdid emas


Kobani, Suriya
Kobani, Suriya

Yangi tadqiqotga ko'ra, Suriya va Iroqdagi ekstremist guruhlarga qo'shilgan AQSh fuqarolari va rezidentlari Amerikaga jiddiy tahdid solmaydi. Ularning katta qismi hatto vataniga umuman qaytmasligi aniqlangan.

Jorj Vashington universiteti olib borgan bir necha yillik izlanishda Suriya va Iroqdagi "Islomiy davlat", "Al-Qoida" kabi terrorchi guruhlarga qo'shilgan yoki ularni qo'llab-quvvatlagan 64 amerikalik taqdiri o'rganilgan.

Ularning faqat 12 tasi AQShga qaytib kelgan, lekin hech biri terrorga aloqador jinoyatlarda ayblanib hibsga olinmagan.

Shuningdek, bu shaxslardan birortasi AQShda terror xurujini amalga oshirmagan.

"Ular orasidan qaytganlarning terror xurujlarida qatnashishi ehtimoli hozirgacha juda cheklangan", - deyiladi tadqiqot xulosasida.

"Amerikalik bunday shaxslar mamlakatga hukumat xabarisiz kirgani haqida birorta jamoatchilikka ma'lum dalil yo'q. Bu yerda yuz bergan mahalliy xurujlarning chetdan kelganlarga aloqasi yo'q", - deyiladi hisobotda.

AQSh razvedkasi ma'lumotlariga ko'ra, Suriya va Iroqqa borgan 40 ming xorijlik jangaridan faqat 5000 yoki 6000 nafari G'arb mamlakatlaridan kelgan.

AQShdan borganlarning aniq soni ma'lum emas. Rasmiylarning aytishicha, AQShdan faqat 250 yoki 300 kishi Suriyaga borgan yoki borishga uringan. Ularning hammasi ham buning uddasidan chiqa olmagan.

Tadqiqotda aniqlanishicha, terrorchi guruhlarga xayrixoh amerikaliklarning kamida 50 nafari, ya'ni uchdan bir qismi mamlakatni tark etmasidan oldin hibsga olingan.

Mamlakatni tark etgan 64 kishining 22 nafari Suriya yoki Iroqda halok bo'lgan. 28 kishining qayerdaligi aniq emas.

Qaytganlar orasida AQShda xuruj sodir etishga uringan faqat bir odam bo'lgani aniqlangan.

Asli somalilik Abdirahmon Sheyk Mohamud 2014-yil aprelda "Jabhat al-Nusra" guruhiga qo'shilish uchun Ogayodan Yaqin Sharqqa jo'nab ketadi.

Suriyada u portlovchi moddalar bilan ishlash hamda qo'l jangi bo'yicha tayyorgarlikdan o'tadi. So'ng terror xuruji sodir etish uchun iyunda AQShga qaytib keladi.

U hujumni rejalayotgan paytda, 2015-yil fevral oyida hibsga olinadi. Aybini bo'yniga olgach, 22 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.

AQShda qonli xurujni rejalagan yana bir shaxs haqida ma'lumot bor, ammo bu narsa u Suriyaga ketgandan keyin aniqlangan.

Tadqiqotdan chiqarilgan asosiy xulosa shuki, Amerikada mahalliy terrorchilar ko'payayotgani haqida rasmiylar tez-tez tilga oladigan vahimalar asossiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG