Breaking News

Kongress byudjetni hamon ma'qullamadi


Kongress binosi
Kongress binosi
Kecha AQShda ishga kelgan davlat xizmatchilarining bir qismi uyiga qaytib ketishga majbur bo’ldi. Kongressda demokrat va respublikachi qonunchilarning byudjetni o’z vaqtida qabul qilmagani ana shunday oqibatga olib keldi. 800 mingga yaqin odamga vaqtincha maosh to’lanmaydi. Qonunchilar murosa qilish o’rniga bir-birini ayblash bilan ovora.

Amerikada 1-oktabrdan yangi moliya yili boshlanar ekan, byudjetning qabul qilinmagani ko’p dasturlarning to’xtab qolishiga sabab bo’ldi. Respublikachilar prezident Barak Obama taklif etgan davlat sug’urtasi dasturini bekor qilishni yoki uni bir yilga kechiktirishni talab qilib, shundagina byudjetni ma’qullaymiz, demoqda.

Respublikachilar Vakillar palatasida ko’pchilikni tashkil etadi. Biroq Obama muxolifat talabiga quloq solishni istamaydi.

Uning aytishicha, sog’liqni saqlash islohotiga doir qonun loyihasi Kongress tasdig’idan o’tib bo’lgan va byudjetga aloqasi yo’q.

Quyi palata spikeri, respublikachi Jon Beyner demokratlar ustun Senatni hozirgi vaziyatning kelib chiqishida ayblamoqda.

"Biz ularga takliflar bilan chiqdik, ammo demokratlar o’tirib, gaplashishni istamadi", - dedi Beyner.

So’nggi hodisa amerikaliklarning Kongressga bo’lgan ishonchini yanada pasaytirdi. Oxirgi smmaviy so’rov natijalariga ko’ra, fuqarolarning 10 foizigina qonunchilar ishini ma’qullaydi.

Tahlilchilar nazarida agar muammo tez orada hal etilmasa, saylovchilarning bir qismi respublikachilardan yuz o’girib, Kongressda ularning soni kamayishi mumkin.

Amerikaliklar ikki partiya o’rtasidagi siyosiy o’yinlardan to’ygan.

Davlatga qarashli Atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi muhandisi Pol Sakerning aytishicha, u ham uyda o’tirishga majbur.

"Maosh olmasak, omonatdagi pulni ishlatishga to’g’ri keladi. Ipoteka uchun, kommunal xizmatlar uchun, qizimning o’qishi uchun to’lashim kerak", - deydi u.

Mehnat vazirligi xodimi Deyvid Poppertning aytishicha, byudjet qabul qilinmaganidan nafaqat davlat xizmatchilari, balki xususiy sektor ham zarar ko’radi.

"Men endi ovqatlanish uchun Makdonaldsga bormayman. Pulni tejash uchun uyda rejalangan ta’mirlash ishlarini ham to’xtatishga majburman, demak qurilish mollarini sotib olmayman. Men ko’chada sarflamagan har bir dollar xususiy sektor uchun yo’qotishdir", - deydi bu odam.

Byudjet muammosi tufayli federal hukumat ishi so’nggi bor 1996-yilda 21 kunga to’xtab qolgan edi.

O’rtacha hisobda davlat buning oqibatida kuniga 300 million dollar yo’qotishi aytilmoqda. Federal hukumat nazoratidagi milliy bog’ va muzeylar yopilgani bois sayyohlar oqimi ham kamayadi. Fazoni tadqiq qilish boshqarmasi ishini to’xtatgan, bu esa byudjet qabul qilinmaguncha AQSh kosmosdagi voqealardan bexabar qoladi, degani.

Muammoga yechim topish maqsadida prezident Obama Osiyoga rejalangan safarini kesishga majbur. To’rt mamlakatdan AQSh rahbari endi faqat Indoneziya va Bruneyda bo’ladi, Malayziya va Filippinga safari bekor qilindi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG