Amerikaliklar orasida hukumatga umuman ishonmaydiganlar ko’p. Yaqinda o’tkazilgan so’rovga qaraganda, bundaylar so’nggi yarim asr ichida eng yuqori songa yetgan.
“Pyu” (Pew) tadqiqotlar markazi o’tkazgan so’rov natjalariga ko’ra, hukumatga doim yoki aksariyat hollarda ishonadiganlar atigi 19 foizni tashkil etadi.
Bundan 15 yil oldin Nyu-Yorkdagi terror xurujlaridan ko’p o’tmay amerikaliklarning 60 foizi hukumatga ishoninishini aytgan edi.
O’shandan buyon aholining rahbarlarga munosabati asta-sekin o’zgarib bordi.
Davlat siyosatini ijobiy baholaydiganlar – 20 foiz.
Norozilikka sabab bo’layotgan omillardan biri – siyosiy kampaniyalarda pulning katta ahamiyatga egaligi. So’ralganlarning 76 foizi “o’tmishga qaraganda bugun pul siyosat va saylanadigan siyosatchilarga kattaroq ta’sir ko’rsatadi””, deb fikr bildirgan. So’rovda qatnashganlarning 64 foizi esa prezident bo’laman degan arbob sarflaydigan pulning hajmi ko’plarni bu yo’lni tanlamaslikka undaydi, degan.
Amerikaliklarning 55 foizi nazarida siyosatchilarga qaraganda oddiy odamlar mamlakat oldida turgan muammolarni yechishni yaxshiroq eplayapti.
Siyosiy arboblar esa yolg’onchi va xudbin, deb izohlanadi. Respondentlarning 74 foiz fikricha, rahbarlar xalqni emas, o’z manfaatlarini o’ylab ish tutadi.
Shu bilan birga odamlar terrorizm, inqirozlarga javob berish, ta’lim va ekologiya masalalarida hukumat faolroq bo’lishi kerak, degan fikrda.
Respublikachi va demokratlar orasidagi tafovut chuqurlashgan.
Respublikachilar va ular tarafdorlarining 80 foizi hukumat idoralari qisqartirilishi kerak, deydi. Demokratlar orasida bunday fikrda bo’lganlar 31 foizga teng.
Biroq har ikki partiya terrorizmga qarshi kurash, tabiiy ofatlarga nisbatan chora ko'rish, oziq-ovqat, tibbiyot va infratuzilma singari sohalarda hukumat asosiy rol o’ynashi kerak, deb hisoblaydi.
Immigratsiya bobida hukumat katta rol o’ynashini respublikachilarning 85 foizi, demokratlarning 80 foizi qo’llab-quvvatlaydi.
Respublikachilarning uchdan bir qismi hukumat odamlarga kambag’allikdan chiqishda va tibbiy yordam olishda ko’maklashishi kerak desa, demokratlar orasida bundaylar 72 va 83 foizga teng.
Shu yilning 27-avgustidan 15-oktabrigacha o’tkazilgan so’rovda 6000 odam qatnashgan.