Breaking News

Qurol himoya vositasimi yoki xatar manbai?


Arizonaliklar hayotini qurolsiz tasavvur eta olmaydi. Jamoat joylarida beliga taqib yurganlarni ko’rish mumkin
Arizonaliklar hayotini qurolsiz tasavvur eta olmaydi. Jamoat joylarida beliga taqib yurganlarni ko’rish mumkin

Yaqinda Arizona shtatida ro'y bergan qatliom Amerikada qurolga egalik huquqi yuzasidan tortishuvlarni yana qizdirib yuborgan.

Otishmada olti kishi halok bo'lgan edi. Kongress a'zosi, demokrat qonunchi Gabriela Giffords boshidan o'q yeb, hayot uchun kurashmoqda.

Achchiq, serzarda debatlar har bir demokratik jamiyatda oddiy hol.

Lekin Amerikada siyosiy tortishuvlar shu darajada keskinlashganki, ayrim fuqarolar buni zo'ravonlikka da'vat deb qabul qilmoqda.

Ammo gap faqat siyosatda emas.

Shon Duellar oilasi uyida 4-5 xil qurol saqlaydi. Hammasi qonuniy sotib olingan.

“Asosan ovga chiqqanda ishlatamiz, kiyik otish uchun. Mashq qilib turish ham zarar qilmaydi”, - deydi u.

Shon Duellning to’pponchasi har etimolga qarshi doimo o’qlangan.

“Shaxsiy himoya uchun olib qo’yganman. Balki hech ishlatmasman, lekin bor bo’lgani yaxshi” - deydi Shon Duellar.

Arizonadagi qatliom ketidan hozir hammaning diqqati bu shtatdagi qonunlarda. Olti odamni o’ldirgan shaxs, Jared Lofner, qurolni osongina qo’lga kiritgani ma’lum.

Jonatan Lovi qurol savdosiga doir liberal qonunlarni o’zgartirishga chaqirayotgan tashkilot xodimi. Vashingtonda ishlaydi.

“Arizonada har bir odam yashirincha qurol olib yurishi mumkin. Ruxsat olish shart emas”, - deydi Jonatan Lovi.

Amerikada, deydi mutaxassis, hujumkor qurollar va sig’imi katta o’qdonlarni federal qonun bilan taqiqlash zarur. Tusondagi otishmada aynan shunaqasi qo’llangan.

“30 patronli qurolni nega sotasiz odamlarga? Qonun joyida bo’lsa, Jared Lofner birvarakayiga shuncha odamni o’ldira olmagan bo’lardi”, - deydi Lovi.

Biroq Amerika Qurol Uyushmasi, bu mamlakatdagi cho’ntagi baquvvat tashkilotlardan biri, bunday cheklovlarga qarshi samarali kurashib keladi. Hatto bunday dahshatli otishmadan keyin ham vaziyat o’zgarmasligi hammaga ayon.

Charlz Geller Arizona Mudofaa Ligasi nomli tashkilot bosh kotibi. Bu shtatdan chiqqan siyosatchilarning barchasi, deydi u, qurolga egalik huquqini yoqlaydi.

“Shtatimiz aholisi nima desa shu. Siyosatchilar odamlar kayfiyatiga qarab ish tutishga majbur. Yuqori idoralarga saylanaman degan nomzod bunga qarshi chiqa olmaydi. Yo’qsa unga ovoz berishmaydi”, - deydi Geller.

Arizonaliklar hayotini qurolsiz tasavvur eta olmaydi. Jamoat joylarida beliga taqib yurganlarni ko’rish mumkin.

“Buning hecham ajablanarli joyi yo’q. Tarixan shunday bo’lib kelgan. Arizona vujudga kelibdiki, fuqarolar bu huquqini talab qilib, himoya qilib keladi”,- deydi Charlz Geller.

Lekin bu fikrlarga hamma ham qo’shilmaydi.

Mana bu ayolning aytishicha, shtatda miltiq sotib olish juda ham oson. Menga qolsa, ayrim turlarini taqiqlagan bo’lardim.

“Shaxsiy himoya deymiz-u, qurollar kimlarga sotilyapti bilmaymiz. Kim haq, kim nohaq, aytish qiyin”, - deydi mana bu amerikalik.

Ushbu bahs-muhokamalarni kuzatib turgan ekspertlar fikricha, aqli va es-hushi joyida bo’lgan fuqarolarning qo’lidan miltig’ini tortib olish haqida gap ketmayapti.

“Jinoyatchilarni, ruhiy kasal odamlarni qurol do’konlaridan uzoqroqda saqlaylik. Cheklovlar ularga qaratilgan bo’lsin”, - deydi Jonatan Lovi.

Qurol bor joyda vaqti-vaqti bilan albatta qon to’kiladi. Lekin bu yangi cheklovlar joriy etish uchun asos emas, deydi arizonaliklar.

“Ishonchim komil, Amerikada qurol egalarining aksariyati idrokli, qadamini o’ylab bosadigan odamlar. Bunga hecham shubham yo’q”, - deydi Lovi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG