Sobiq Davlat kotibi Hillari Klinton 2016-yilgi prezidentlik poygasida qatnashishini rasman e'lon qildi. 67 yoshli siyosatchi demokratlardan asosiy nomzod bo'lishi kutilyapti. Sobiq senator va birinchi xonim oliy lavozim uchun saylovda ikkinchi bor qatnashishi.
Hillari Klinton prezident bo'lish istagini internetga qo'yilgan video orqali ma'lum qildi. U o'z murojaatida oddiy amerikaliklar uchun ishlamoqchi ekanini aytdi.
"Amerikaliklar har kuni bir chempionga muhtoj. Men ana shu chempion bo'lishni xohlayman", - dedi u.
Sobiq Prezident Bill Klintonning rafiqasi mahalliy masalalarga e'tibor qaratmoqda.
"Amerikaliklar og'ir iqtisodiy davrni boshdan kechirdi, ammo tizim hanuz yuqoridagilar manfaati uchun ishlamoqda", - deydi u videomurojjatida.
Muxolifat Klintonning bosh diplomat bo'lib ishlagan paytida yo'l qo'ygan xatolariga urg'u bermoqda. Davlat ishida shaxsiy elektron pochtasidan foydalangani tanqidga uchragan bo'lsa, 2012-yil AQSh elchisi o'limiga sabab bo'lgan Bing'ozidagi hujumning oldi olinmaganida ham raqiblar sobiq davlat kotibini ayblaydi.
"Biz to'rt amerikalikni boy berdik. Bu namoyishlar natijasida ro'y berdimi yoki ko'chaga sayr qilishga chiqqan yigitlar amerikaliklarni o'ldirish qaroriga tushib qolgani uchunmi? Hozir buning nima farqi bor", - degan edi o'shanda Klinton xonim.
Respublikachilar Klintonning shu gapini ushlab olib, unga qarshi kampaniya boshlagan.
"Hillari Klinton Vashington apparatining eng yomon vakili. Korrupsiya, o'z aybini berkitish, manfaatlar to'qnashuvi hamda fojeali oqibatlarga olib kelgan no'noq siyosat bu", - deyiladi siyosiy reklamalardan birida.
Sobiq respublikachi nomzod Mayk Hakabi esa shunday fikrda:
"U Obama ma'muriyatiga bog'langan. Bu unga foyda, deb o'yalamayman", - deydi u.
Davlat kotibi Jon Kerri esa demokrat safdoshini himoya qiladi.
"Davlat kotibi Klinton avvalgi yillarda buzilgan aloqalarni qayta tiklashda juda katta ish qildi", - deydi u.
Prezident Obamaga ko'ra ham shunday.
"U ajoyib davlat kotibi bo'ldi. U bilan do'stmiz. Undan juda yaxshi prezident chiqishiga ishonaman", - dedi Obama.
"Email yoki Bing'ozi mojarosi muammo bo'lmasa kerak".
Siyosiy tahlilchi Charli Kukning aytishicha, Hillari Klinton Amerikaning eng ko'zga ko'ringan arboblaridan biri. Demokratlardan hali birorta boshqa nomzod chiqmadi. Bu Klintonning afzalligi, deydi u.
"Hillari Klinton o'ziga qarshi kurash olib boradi. U o'zining XXI asrda ham muhim ekanini ko'rsatishi kerak. O'tmishdan ko'ra, ko'proq kelajakka e'tibor qaratishi lozim", - deydi tahlilchi.
Shuningdek, u o'z yo'liga ega bo'lishi kerak. Kuzatuvchilarga ko'ra, sobiq prezidentning rafiqasi bo'lish yoki Ukrainadan tortib Yamangacha morajolarga tortilgan hukumatning bir qismi bo'lish hozir foyda keltirmaydi. Yakshanba kuni e'lon qilgan saylov kampaniyasida u Vashingtondan ko'ngli qolgan Amerika xalqiga o'zini yangi qiyofada ko'rsatishga urindi.