Breaking News

Noqonuniy muhojirlar huquqiy bilimlarini oshirishga urinmoqda


AQSh-Meksika chegarasi
AQSh-Meksika chegarasi

Donald Tramp AQSh prezidenti etib saylangandan beri hujjatsiz muhojirlarning keyingi taqdiriga oid xavotirlar oshdi. Noqonuniy immigrantlar huquq-tartibot organlari qo'liga tushib qolsa, o'zlarini qanday tutishi kerak? Ularning qanday haq-huquqlari bor? Ko'plab shtatlarda mahalliy faollar shu borada ularga huquqiy ta'lim bermoqda.

Eshik taqillamoqda... Bu ovoz yig'ilganlar diqqatini tortadi. Bu yerda muhojirlarga rasmiylar bilan qanday muloqot qilish bo'yicha mashg'ulot o'tkazilmoqda.

100 tacha odam qatnashgan treningda reydlar davomida yoki hibsga olinganda muhojirlarga o'zlarini va oilalarini qanday saqlab qolish yo'llari o'rgatildi.

Tadbir tashkilotchilari hujjatsiz muhojirlarning konstitutsiyaviy huquqlari haqida yaxshi xabardor bo'lishini istaydi.

"Huquqlarimizni va ulardan foydalanishni bilishimiz kerak. Hibsga olinganda gapirmaslik huquqi, advokat yollash huquqi. Merilend shtatida faqat ismingizni aytasiz, xolos. Shu ma'lumotni bilishingiz kifoya", - deydi tadbir tashkilotchilaridan biri Alma Kuvorti.

Donald Tramp noqonuniy muhojirlarga qarshi kurashishga bel bog'lagan. Meksika bilan chegarada devor qurishni hamda millionlab immigrantlarni deportatsiya qilishini aytgan.

"Uning vakolatlari katta va shunisi qo'rqinchli", - deydi bir muhojir.

Mariya Errera AQShga bolaligida kelgan. Prezident Barak Obama farmoni bilan deportatsiyasi to'xtatib qo'yilgan, AQShda ulg'aygan millionlab hujjatsiz muhojirlardan biri. Uning aytishicha, Tramp bir imzo bilan Obama farmonini yo'qqa chiqarishi mumkin.

"Agar bu qarorni bekor qilishni istasa, nimalar bo'lishi mumkinligi haqida xavotirim kuchli. Ko'plab odamlar oilasidan ajraladi. Bilimimni oshirish uchun bugun shu yerga keldim. Menda ma'lumot kam, ularda esa bor", - deydi u.

Den Stayn Amerika Immigratsiya islohoti federatsiyasi prezidenti. U Mariya Errera kabi muhojirlar uchun hozir vaziyat qaltis ekanini tushunadi. Ammo, deydi u, huquqiy bilimni oshirishga qaratilgan mashg'ulotlar ularga yordam beradi.

"Bu tashkilotlar kim shu yerda qolishga haqli, kimning haqqi yo'qligini aniqlashda huquq-tartibot organlarining ishini qiyinlashtiradi. Maqsad immigratsiya bo'yicha yangi tartibning ijrosiga to'siq qo'yish", - deydi u.

Tramp muhojirlar ketiga tushib ulgurmasdan haq-huquqlaringizni o'rganib oling, deydi faollar.

"Bu mening vatanim. Bu yerda tug'ilmagan bo'lsam ham shu yerda ulg'ayganman. Boshqa joyni tasavvur ham qila olmayman", - deydi muhojirlardan biri.

Tramp AQShga yoshligida kelgan 741 ming muhojirni tushunishini aytgan, ammo ularni deportatsiya qilish fikridan qaytgani yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG