AQSh Vakillar palatasi Prezident Donald Trampga qarshi impichment jarayonini boshlab yubordi. Impichment bu mansabdor shaxsni qonunbuzarlikda, o’z lavozimini suiiste’mol qilishda ayblash va uni tekshirish demakdir. Jarayon amaldorni ishdan olish bilan tugashi mumkin. Prezident Tramp - AQSh tarixida impichment bilan yuzlashib turgan to’rtinchi prezident.
Donald Tramp prezidentlikdan ketish haqida o’ylayotgani yo’q.
“Demokratlar boshlagan ish - sharmandalik. Bunga yo’l qo’ymaslik kerak. Ular boshlagan ishni, kerak bo’lsa, sudlar orqali to’xtatish kerak”, - deydi prezident.
Demokratlar olg’a surayotgan ayblov shuki, Tramp demokrat raqibi, sobiq vitse-prezident Jo Bayden haqida kir qidirishda Ukraina rahbaridan yordam so’ragan va shu tariqa lavozimini suiiste’mol qilgan.
Bu ishlardan xabardor razvedka xodimi prezident ustidan shikoyat qilgan. Unda Oq uy bu ishni xaspo’shlashga harakat qilgani ham da’vo qilinadi. Adam Shiff - Vakillar palatasining razvedka qo’mitasi raisi.
“Agar prezident o’z vazifalarini vijdonan bajarish o’rniga raqibidan kir qidirish uchun lavozimidan richag sifatida foydalangan bo’lsa, boshqa mamlakatlardan yordam so’ragan bo’lsa, bundan-da jiddiyroq qonunbuzarlikni tasavvur qilish qiyin”, - deydi kongressmen.
Aksar respublikachilar Trampni himoya qilmoqda, jumladan, senator Linzi Grem.
“Xalq buni haddan oshish, Trampga qarshi qasos deb ko’radi”, - deydi u.
Prezidentlik uchun poyga ketayotganda impichment qanday aks-sado beradi, prezident tarafdorlariga qanday ta’sir ko’rsatadi? Aytish qiyin, deydi tahlilchi Vilyam Hovel.
“Tarafdorlari prezidentni himoya qiladimi? Tramp aynan shuni xohlaydi. O’z partiyasi a’zolarining quvvatloviga tayanmoqda”, - deydi Hovel.
1998-yilda Bill Klintonni impichment qilish sa’y-harakatlari qanday tugagani ko’pchilikning yodida.
Klinton Oq uyda amaliyot o’tagan Monika Levinski bilan don olishgani haqida yolg’on gapirgan va impichmentga uchragan edi.
Ammo uni ishdan olish taklifi Senatda ovozdan o’tmagan. Natijada respublikachilar 1998-yilgi saylovda ko’p o’rinlarni boy bergan, deydi siyosatshunos Larri Sabato.
“Respublikachilarning Bill Klintonga hujumlaridan keyin ham xalq uning tomonida bo’lganini hisobga oladigan bo’lsak, bu demokratlar uchun ogohlantirish bo’lib xizmat qilishi kerak”, - deydi u.
1974-yilda esa Kongress “Votergeyt” mashmashasi sabab Prezident Richard Niksonga impichment e’lon qilgan.
Nikson Senat mahkamasida aybi isbotlanishi aniq bo’lganidan keyin Oq uyni bo’shatishga majbur bo’lgan.
Prezident Tramp uchun impichment qanday yakunlanishini vaqt ko’rsatadi. Har ikki tomon natijasi mavhum bo’lgan siyosiy kurashga hozirlik ko’rmoqda.
Facebook Forum