Breaking News

AQShning Hindiston bilan aloqalari kuchaymoqda. Pokiston bilanchi?


AQSh qo’shinlarining Afg’onistondan chiqarilishi ikki azaliy raqib davlat – Hindiston va Pokiston o’rtasidagi ziddiyatlarning yumshashiga olib kelmagan bo’lsa-da, Jo Baydenning Oq uyda Narendra Singx bilan tarixiy uchrashuvi AQSh-Hindiston aloqalarining yanada kuchayishiga hissa qo’shishi mumkin.

Xalqaro hayot – 28-sentabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:23 0:00

“Dunyodagi eng yirik demokratik davlatlar o’rtasidagi munosabatlar kuchliroq, yaqinroq bo’lishi, butun dunyoga foyda keltirishi zarur”, - dedi Bayden.

AQShning Pokiston bilan aloqalarichi? Yadro quroliga ega dushman Hindiston bilan beqaror Afg’oniston o’rtasida joylashgan bu mamlakat, ayrim kuzatuvchilar nazarida, Tolibonga hokimiyatga kelishda yordam bergan. Biroq Islomoboddagi siyosatchilarning aytishicha, Pokiston Tolibondan qochgan minglab afg’on qochqinini qabul qilgan birinchi mamlakat bo’ldi.

O’tgan hafta BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida ma’ruza qilgan Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning aytishicha, Afg’onistonda so’nggi 20 yilda terrorga qarshi urush mamlakatiga katta ziyon yetkazdi.

"AQSh unga yordam bergan ko’p odamlardan xavotir olib, ularga g’amxo’rlik qilishga harakat qilyapti. Tarjimonlar, boshqalar. Bizchi? Bizga kim yordam beradi? AQSh va koalitsiyaning terrorga qarshi urushda ittifoqchisi bo’lganimiz uchun eng ko’p zararni aslida biz ko’rdik”, - dedi u.

Biroq ayrim siyosatchilar va siyosatshunoslar Pokistonni ikkiyuzlamachilikda ayblaydi.

“Bayden ma’muriyatining Pokiston va uning rahbariyatidan toqati toq bo’lgan, chunki Oq uy nazarida, Islomobod Afg’onistonda ikki tomonlama o’yin o’ynagan – AQShga ittifoqchidek bo’lib, aslida Amerika dushmanlariga yordam bergan”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Farzona Shayx.

Bayden “agressiv diplomatiya” siyosatini yuritishga o’tgan hafta so’z berganiga qaramay, shu paytgacha Pokiston rahbari bilan uchrashgani yo’q. Oq uy matbuot kotibi bunga shunday munosabat bildirdi.

“Davlat departamenti, Mudofaa vazirligimiz, ma’muriyatning boshqa muhim idoralari Pokistonning eng yuqori darajali rahbarlari bilan muloqot qilib turibdi. Prezident shu kungacha hali ko’p xorijiy rahbar bilan uchrasha olgani yo’q. Biroq uning vakillari bu vazifalarni bajarib turibdi”, - deydi Jennifer Psaki.

Ayrim ekspertlarga ko’ra, oliy darajadagi uchrashuvdan foyda bo’lmasligi mumkin.

“Bayden ma’muriyatining Imron Xonga qo’ng’irog’i biror jiddiy masalaning hal bo’lishiga olib kelmaydi. Bayden va Xon o’rtasidagi muloqotning bo’lmaganiga yana bir sabab shuki, AQSh rasmiylari Imron Xon va Bayden o’rtasida qo’ng’iroq tashkil etib, Pokistonni xursand qilishni, unga obro’-e’tibor ko’rsatishni istamaydi”, - deydi Vashingtondagi Vilson tahlil markazidan Maykl Kugelman.

Siyosatshunos Shayxning aytishicha, Pokiston AQShning Hindiston bilan iliq aloqalarini o’ziga qarshi deb ko’radi.

“Hindiston tomon yaqinlik Pokiston uchun undan uzoqlashishni anglatadi”, - deydi mutaxassis.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG