Breaking News

AQSh savdo imtiyozlarisiz qolgan hind eksportchilari xavotirda


AQSh Xitoy bilan savdo bobida tortishar ekan, Hindiston bilan ham savdo aloqalari taranglashmoqda. Vashington Dehlini Amerika kompaniyalari mahsulotlariga tariflarni tushirib, bozorini kattaroq ochishga chaqirmoqda. Qo’shma Shtatlar Hindistonning olti milliard dollardan oshiq miqdorga teng mahsulotlarini tariflardan ozod qilish yoki kam tariflashga qaratilgan savdo imtiyozlarini to’xtatib qo’ydi.

AQSh savdo imtiyozlarisiz qolgan hind eksportchilari xavotirda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00

“Amerika Ovozi” Hindistonda bo’lib, Amerika-Hindiston savdo tortishuvlarining mahalliy biznesga ta’sirini o’rgandi.

Faridobod shahrida charm mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug’ullanuvchi “Alpine Apparels” kompaniyasi importga ishlayotganiga 30 yildan oshdi. Shirkat sumka, qo’lqop, kamar, kurtka tayyorlaydi. Ba’zi mahsulotlar AQShda nomi chiqqan brendlar uchun ishlab chiqariladi.

AQSh bu kabi mahsulotlarga tarif imtiyozlarini bekor qilganidan so’ng oilaviy biznes egasi Sanjay Lixa daromad kamayishidan xavotirda. Xaridor kompaniyalar imtiyozsiz tariflardan ko’rilgan zararni qoplash uchun undan narxlarni tushirishni so’rashi kutilmoqda.

“Narxlarimiz mahsulot tannarxidan bir oz farq qiladi, xolos. Mahsulotlarni 4-10 foizga tushirsak, foyda qilolmaymiz. Agar narxlarni tushirmasak yoki xaridor qo’shimcha tariflarni ko’tara olmasa, ishlab chiqarishni AQShdan boj imtiyozlarini olayotgan boshqa mamlakatlarga ko’chirishga to’g’ri keladi”, - deydi Sanjay Lixa.

Biroq u holda Hindistondagi fabrikaning mingdan ortiq xodimi ishsiz qoladi.

“Biznes o’lsa, ish o’rinlari ham yo’qoladi, bizga o’xshagan kompaniyalar ishchilarining turmushi yomonlashadi. Vaziyatdan xavotirdamiz”, - deydi “Alpine Apparels” egasi.

Dehli javob qadami tariqasida AQShdan kelayotgan olma, bodom, yong’oq uchun tariflarni oshirdi.

Eksport sanoati mutaxassislarining aytishicha, ikki mamlakat o’rtasidagi savdo tortishuvlaridan, asosan, qo’l mehnati ko’p foydalanadigan charm, qimmatbaho toshlar, zargarlik buyumlari sohalari zarar ko’radi. AQSh bunday mahsulotlar uchun eng katta bozordir.

“Agar sanoat Amerika bozoridan ayrilsa, savdo boshqa mamlakatlarga yo’naltirilishi yoki ichki bozorga qaratilishi mavhum. Ayrim mahsulotlarni eksport qilishda kompaniyalarga yordam berishga to’g’ri keladi ishsizlikning oldini olish uchun”, - deydi Hind eksportyorlari federatsiyasidan Ajay Sahay.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG