AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Dehliga tashrifi chog’ida Hindiston bilan strategik sheriklikni kuchaytirishda hamkorlik qilishga va’da berdi. AQSh hukumati Xitoy harakatlari va siyosatiga qarshi mamlakatlar ittifoqini tuzishga kirishar ekan, bu Bayden ma’muriyati rasmiysining Hindistonga ilk safari bo’ldi. Xitoyning azaliy raqibi Hindiston ham aynan shu maqsadda AQSh bilan yanada yaqinlashishga intilmoqda.
Iste’fodagi general Ostin Hindiston Mudofaa vaziri Rajnatx Singx bilan uchrashuv chog’ida ikki mamlakat o’rtasida mudofaa va logistika bobidagi hamkorlikni kuchaytirishga, razvedka ma’lumotlari bilan almashishga kelishib oldi.
Ostin Hind-Amerika munosabatlarini erkin va ochiq Hind-Tinch okeani mintaqasining tayanchi deb atadi.
“Xususan, Hindiston bugungi tez o’zgaruvchan xalqaro dinamikada tobora muhim hamkorga aylanib bormoqda. Men Hindiston bilan keng qamrovli mudofaa hamkorligiga Hind-Tinch okeani mintaqasiga yondashuvimizning markaziy ustuni sifatida qaragan holda unga sodiq ekanimizni tasdiqlayman”, - dedi Amerika mudofaa vaziri.
Ostin AQSh va Hindiston o’rtasida mudofaaga qaratilgan asosiy hamkorlik Bayden-Harris ma’muriyatining ustuvor vazifalaridan biri ekanini aytib, ikki vazir uni yangi bosiqchga ko’tarish xususida gaplashganini ma’lum qildi.
“Biz buni mintaqaviy xavfsizlik hamkorligi, harbiy muloqotlar va harbiy savdo orqali amalga oshiramiz”, - dedi Ostin.
Hindiston mudofaa vazirining aytishicha, uchrashuv chog’ida harbiylar o’rtasidagi muloqotni kengaytirish haqida gap ketgan.
“Keng qamrovli global strategik sherikliknining barcha imkoniyatlarini ishga solishga tayyormiz”, - dedi u.
Rajnatx Singx Qo’shma Shtatlarni hind mudofaa sektoriga sarmoya qiliishga chaqirdi.
Bir hafta oldin AQSh, Hindiston, Avstraliya va Yaponiya rahbarlari “To’rtlik” deb nomlanuvchi guruhning ilk majlisida Xitoydan taralayotgan tahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Hindiston Hind-Tinch okeani mintaqasida strategik jihatdan joylashgan bo’lib, hududdagi boshqa davlatlar ham Xitoyning qat’iyatli siyosatidan xavotirga tushgan. O’tgan yil noyabrida Hindiston “To’rtlik”ka a’zo mamlakatlar flotlari ishtirokida Hind okeanida mashg’ulotlarga mezbonlik qilgan.
Ostin Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan ham uchrashdi. Modining uchrashuvdan so’ng “Twitter” orqali bildirishicha, “AQSh va Hindiston strategik sheriklikka bel bog’lagan va bu sheriklik global yaxshilik yo’lidagi kuchdir”.
Ostin o’tgan hafta AQShning mintaqadagi muhim ittifoqchi davlatlari bo’lgan Yaponiya va Janubiy Koreyada ham bo’ldi. Hindistonlik tahlilchilar Amerika mudofaa vazirining Hindistonga safarini ijobiy baholamoqda.
“Bu Bayden ma’muriyati diqqatini Xitoyga qaratishda davom etishini namoyish qilmoqda. Ostin ilk xorijiy safari doirasida Hindistonga tashrif buyurgani Dehli Amerika tuzayotgan xavfsizlik sherikliklaridagi muhim tarkibiy qismlardan biri ekanini anglatmoqda”, - deydi Dehlidagi “Kuzatuv tadqiqot jamg’armasidan (Observer Research Foundation) Rajesvari Pillay Rajagopalan.
Facebook Forum