Breaking News

Razvedka rahbari: Tramp maxfiy xizmatni behurmat qilmasin


Xalqaro hayot - 6-yanvar, 2017-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:25 0:00

Xalqaro hayot - 6-yanvar, 2017-yil

Amerika razvedkasi rahbarining ishonchi komil - Rossiya xakerlar yordamida o'tgan yilgi prezident saylovlariga aralashgan. Prezident poygalarida g'alaba qilgan Donald Tramp razvedka idoralarinining ishini behurmat qila ko'rmasin, deya ogohlantiradi Jeyms Klapper.

Milliy razvedka agentligi rahbari Senatda ana shu haqda gapirdi. Uning so'zlari Tramp ma'muriyati va maxfiy xizmat orasidagi ziddiyatdan nishona, deydi mutaxassislar.

"Jamoatchilik ogoh bo'lishi kerak", - deydi Jeyms Klapper.

Milliy razvedka idorasi direktorining aytishicha, Obama ma'muriyati rus xakerlarining qilmishi haqida kelasi hafta hisobot chop etadi. Moskva noyabrdagi saylovlarga aralashganiga shak-shubha qolmaydi shunda, deydi u.

"Bu bir necha bosqichdan iborat amaliyot edi. Xakerlik uning bir qismi, xolos. Propaganda, noxolis, yolg'on axborot tarqatishdan ham foydalanildi", - deydi u.

Senator Jon Makkeyn nazarida g'animlar xulosasi aniq: Amerikaga qarshi kiber-xurujni uyushtirish xavfli, ammo buning mahsuli tavakkal qilishga arziydi.

Senat qurolli kuchlar qo'mitasi raisi, senator Makkeyn rus xakerlarining ishini urush taktikasi deya ta'rifladi. Amerika ehtiyotini qilmagani uchun o'zi ziyon ko'rdi, deydi u.

"Himoya strategiyamiz yo'q. Hujumga qanday javob berishni bilmaymiz", - deydi senator.

Donald Tramp payshanba kuni "Tvitter" tarmog'ida Amerika razvedkasiga ixlosi baland ekanini yozdi. Lekin yangi rahbar sifatida maxfiy hisobotlarga ehtiyoji bo'lmasligiga ishora qildi. Razvedka avval xatolar qilgani, rus xakerlari haqidagi xulosa asossiz ekanini ta'kidladi.

"Yangi bosh qo'mondon bo'ladigan inson maxfiy xizmatni behurmat qilishidan kim naf ko'radi?" - deya so'raydi demokrat senator Kler Makaskill.

"Shubhalanish boshqa, kamsitish boshqa", - deydi Jeyms Klapper.

Amerika kiber-xavfsizlik idorasidan admiral Maykl Rojers maxfiy xizmat samarali ishlashida prezidentning ishonchi, e'tibori muhim, deydi. Aks holda mutaxassislarimiz ish tashlashi hech gapmas, deydi u.

Kapitoliyda shu tariqa Rossiyani jazolashga moyillik kuchaymoqda.

"Ruslar xakerlik hujumini amalga oshirib, ma'lumot o'g'irlab, uni Amerikaga qarshi qo'lladi. Bunga shubha yo'q. Demak Rossiyani qattiqroq jazolash kerak", - deydi demokrat Richard Blumental.

"Kelasi safar Eron yoki Xitoy hujum qilishi mumkin. Demokratlar jabr ko'rgan bo'lsa, endi respublikachilar jabr ko'rishi hech gapmas", - deydi respublikachi Lindsi Grehem.

Donald Tramp bu mulohazalarga qo'shilmaydi. Uning nazarida razvedkaning xulosasi ortida aslida siyosiy sabablar bor. Prezidentlikka saylangan Tramp bundan keyin fikrini o'zgartirishi gumon ko'rinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG