Breaking News

Arslon Kozimiy, eronlik basketbolchi, AQSh sport olamida yangi yulduz


Arslon Kozimiy, eronlik basketbolchi, AQSh sport olamida yangi yulduz
Arslon Kozimiy, eronlik basketbolchi, AQSh sport olamida yangi yulduz

Eronlik basketbolchi Arslon Kozimiy hozirda Texas shtatining Rays Universitetida tahsil oladi. AQSh atletika uyushmasi stipendiyasiga sazovor bo’lgan yoshlardan.

Bo’yi ikki metr bir santimetr bo’lgan bu yigit basketbol olamida yangi yulduzga aylanishi mumkin, deydi sport sharhlovchilari.

Maktabni tamomlagach, ota-onasi Arslonni AQShning Shimoliy Karolina shtatidagi maxsus tayyorlov maktabiga yuborgan.

Bu yerda uning omadi chopib, basketbolda dong taratgan Memfis, Merilend va Oklahoma shtati universitetlarida o’qish uchun taklifnomalar yog’ilib kela boshladi. Lekin Arslon basketbol uncha rivojlanmagan Texasning Rays Universitetini tanladi.

“Agar basketbol komandasi bilan tanilgan oliygohni tanlasam birinchi yili o’yinni faqat tomosha qilaman. Men o’yinchiman. Yana bir tomoni Rays Universiteti yaxshi o’qitadi. Bitirsam yaxshi ish topishimga ishonaman” - deydi u.

Birinchi kursni a’lo baholarga tamomlagan Arslon 2010 yilda Turkiyada bo’lib o’tgan basketbol bo’yicha jahon chempionatida o’zining ochilmagan qirralarini ko’rsatdi.

“Universitetga qabul qilinganimda AQSh atletika uyushmasi stependiyasiga sazovor bo’lgan birinchi eronlik deb rosa maqtashgan edi. Bundan xursand bo’lganman, albatta. Jahon chempionatidan keyin jurnalistlar, sport agentlari basketbol haqida, kelajak haqida savollar bera boshlashdi”, - deydi Arslon.

Basketbolni yorituvchi “Slam” jurnali Arslonni NBA, AQSh Basketbol Assotsiatsiyasiga nomzod sifatida ko’rsatdi.

Arslon Kozimiy, eronlik basketbolchi, AQSh sport olamida yangi yulduz
Arslon Kozimiy, eronlik basketbolchi, AQSh sport olamida yangi yulduz

"Bu tanlov men uchun kutilmagan bo’ldi. Shundan so’ng men basketbol bilan bundan ham jiddiyroq shug’ullanishga qaror qildim. Omadimni sinab ko’rmoqchiman. Mashqqa zo’r berib, zaif tomonlarim ustida ishlamoqchiman”, - deydi sportchi.

Buning uchun Arslonda barcha imkoniyat mavjud. Universitetdagi treneri Ben Braun unga har sohada yordam berishga tayyor.

“Arslon mahoratli sportchi. Texnikasi, tezligi bir maromda o’sib boryapti. Himoyada ham chakki emas. Ayni damda kamchiliklar ustida ishlayapmiz. Uzoq masofadan turib nishonga olishni yaxshi mashq qilsa, yaqin kelajakda unga yetadigan sportchi topilmaydi. Men unga ishonaman. Arslon hali basketbol osmonida yorqin yulduz bo’lib porlaydi”, - deydi murabbiy.

AQSh Basketbol Assotsiatsiyasi tanlovida ishtirok etishni yaxshilab o’ylab ko’rish kerak. Agar Arslon professional basketbolchilar safiga qabul qilinsa, universitet stipendiyasidan mahrum bo’lishi mumkin, deydi bu sohani yaxshi biladigan Antoni Ibrohim. U Arslon bilan Eron milliy basketbol chempionatida tanishib, uni Amerikaga olib kelgan.

“Professional basketbolchilar qatoriga bu yil qo’shilishini juda ham xohlardim. Lekin nachora. Yana bir yil kutsak, bundan faqat Arslonning o’zi foyda ko’radi, tajribasi ortadi. Men uni yo’lg’izlatib qo’ymayman. Oldida maslahat berib turaman. Uni bu yerga olib kegan ham men. Payti kelganda unga hamma imkoniyatlarini ko’rsatib tanlovni o’ziga qo’yib beraman”, deydi Antoni Ibrohim.

Hozircha esa Arslon talabalik gashtini surmoqda. Vatanidan 12 ming kilometr uzoqda bo’lishiga qaramay o’zini uydagidek his qiladi.

Murabbiy Ben Braun Arslon kabi shogirdi borligidan boshi osmonda.

Arslon Kozimiy murabbiysi Ben Braun bilan
Arslon Kozimiy murabbiysi Ben Braun bilan

“Arslon bunday yutuqqa erishgan birinchi eronlik… Buning uchun qattiq mehnat qildi. Juda mashaqqatli yo’lni bosib o’tdi. Faxrlansa arziydi. Tirishqoq yigit. Sport zalida ham, katta o’yinlarda ham kuzataman buni. Mas’uliyatli yigit. Har bir maslahatimga berilib quloq tutadi”-, deydi u.

Lekin Arslon uchun AQSh basketbol olamida eng yuqori pog’onaga ko’tarilish eng oliy maqsad emas. Maqsad maza qilib basketbol o’ynash. Uning ustasi bo’lish. G’alaba nashidasini surish. Universitetni tamomlab, kasbli bo’lish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG