Tehron Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimni jonlantirishga qaratilgan muzokaralarni ijobiy baholamoqda. 6-aprel kuni Venada AQSh va Eron rasmiylari Yevropa Ittifoqi vositachilari yordamida bilvosita gaplashishga muvaffaq bo’ldi. 9-aprel kuni tomonlar muzokaralarni davom ettirishi kutilmoqda.
Qo’shma Shtatlar Erondan uranni 20 foizgacha boyitishni to’xtatishni so’ramoqda va buning evaziga Eron neft savdosidan tushgan, ammo muzlatilgan pulning bir milliard dollarini Eronga qaytarishni taklif etdi. Tehron bu taklifga ko'nmadi.
AQShning moliyaviy sanksiyalari natijasida Eronning Janubiy Koreyaga sotgan neftidan olingan salkam 7 milliard dollar muzlatilgan. Eron amerikalik rasmiylar bilan yuzma-yuz muloqotdan bosh tortar ekan, yadro dasturini to’xtatishdan oldin AQSh barcha sanksiyalarini bekor qilsin deya talab qo’ymoqda.
2015-yilda imzolangan bitim Tehron yadro dasturini cheklaydi, biroq Qo’shma Shtatlar shartnomadan 2018-yilda chiqishi ketidan Eron uran boyitishni jonlantirdi.
Germaniya, Fransiya va Britaniya diplomatlari hozirgi muzokaralarda vositachilik qilmoqda.
“Agar yevropaliklar AQShni o’z majburiyatlarini bajarishga ko’ndira olsa, muzokaralardan ijobiy natija chiqadi, ammo bunday bo’lishiga ko’zim yetmaydi. Avval barcha sanksiyalarni bekor qilishsin va Eron bunga amin bo’lsin”, - deydi eronlik siyosiy tahlilchi Muhammad G’odiri.
Bu masalada Eronni qo’llab-quvvatlayotgan Xitoy Qo’shma Shtatlar joriy etgan sanksiyalar nafaqat Eronga qarshi, balki Eron bilan ish qilayotgan boshqa davlatlar, jumladan Xitoy kompaniyalariga ham qarshi qaratilganini aytib, ularni noqonuniy deb atadi.
Venaga Xitoy va Rossiya vakillari ham borgan. Ular Eron vakillari va vositachilar bilan sanksiyalar taqdirini muhokama qilgan.
Xitoyning BMTdagi elchisiga ko’ra, AQSh bitimdan chiqib va Eronga maksimal bosim qo’yib hozirgi vaziyatga sabab bo’ldi.
Facebook Forum